So‘nggi yillarda dunyo jiddiy geosiyosiy siljishlar, yangi xavf va tahdidlar, hamda xalqaro tizimdagi beqarorlik bilan yuzlashmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda global miqyosda qurolli mojarolar soni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori darajaga yetgan.
Shu bilan birga, nufuzli tashkilotlar va turli siyosiy boshqaruv institutlari zaiflashib borayotgani fonida mintaqaviy birdamlik va hamkorlik barqarorlikni ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda.
Bu jarayonlarda Markaziy Osiyo mintaqasi alohida ahamiyat kasb etadi. Qadimdan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lgan bu hudud bugungi kunda ham o‘zining geosiyosiy, iqtisodiy va madaniy o‘rnini mustahkamlamoqda. So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, siyosiy muloqot va iqtisodiy integratsiya jarayonlarining faollashuvi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, deyish mumkin.
Buyuk Ipak yo‘li davrida bu mintaqa savdo, fan va diplomatiya markaziga aylangan. Ammo mustaqillikning dastlabki yillarida har bir davlat suverenitetni mustahkamlash, milliy manfaatlarni himoya qilishga e’tibor qaratgani bois, mintaqaviy integratsiya jarayonlari biroz sust kechdi. Chegara, suv resurslari, transport aloqalari va ishonch yetishmasligi kabi muammolar uzoq vaqt davomida mintaqaviy yaqinlashuvga to‘siq bo‘lib keldi.
Biroq 2016–2017 yillardan boshlab O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga chiqdi. “Markaziy Osiyo – barqarorlik, taraqqiyot va hamkorlik mintaqasi” konsepsiyasi asosida mintaqaviy integratsiya konstruktiv, amaliy va o‘zaro manfaatli yo‘nalishda rivojlanmoqda. Bu konsepsiya asosida quyidagi beshta o‘zaro bog‘liq strategik yo‘nalish shakllandi:
- Siyosiy muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlash.
- Iqtisodiy integratsiya va savdo aloqalarini rivojlantirish.
- Suv-yenergetika sohasida manfaatli hamkorlik.
- Xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash.
- Madaniy-gumanitar hamkorlik.
Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlari so‘nggi yillarda yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Bu jarayon siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy natijalar berib, mintaqani “qarama-qarshilik hududi”dan “hamkorlik va barqarorlik hududi”ga aylantirmoqda.
Integratsiyaning asosiy g‘oyasi – “umumiy taqdir va umumiy kelajak mintaqasi” konsepsiyasidir. U milliy manfaatlarni mintaqaviy kontekstda ko‘rish zaruratini kuchaytirib, hamkorlikni institutsional asosga qo‘ydi.
Qayd etish kerak, 2017 yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muntazam o‘tkazilib, ushbu format doirasida mintaqaviy muammolarni ochiq muloqot orqali hal etish, siyosiy ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyati yuzaga keldi. Natijada chegara masalalarida kelishuvlarga erishildi, hamkorlikni chuqurlashtiruvchi hujjatlar imzolandi va xalqaro maydonda mintaqaviy pozitsiyalar muvofiqlashtirildi.
Qolaversa, iqtisodiy hamkorlik jadallashdi. Ikki va ko‘p tomonlama savdo hajmi sezilarli oshdi, bojxona tartiblari soddalashtirildi, tranzit to‘siqlari qisqardi. Bu istiqbolda yagona iqtisodiy bozor shakllantirish – tovarlar, xizmatlar, sarmoya va mehnat harakatini erkinlashtirish imkonini beradi. Yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari mintaqani global iqtisodiyot bilan bog‘ladi.
Suv-yenergetika sohasida konstruktiv yondashuv natijasida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha qo‘shma komissiyalar faoliyat yuritmoqda. Suv va energiya almashinuvi mexanizmlari takomillashib, ekologik monitoring dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Bu chora-tadbirlar mintaqa xavfsizligi va barqaror rivojlanishi uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va transmilliy jinoyatchilikka qarshi qo‘shma dasturlar amalga oshirildi. O‘zbekistonning Afg‘oniston tinchlik jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari xalqaro maydonda ham alohida e’tirof etilmoqda.
“Markaziy Osiyo madaniy merosi haftaligi” kabi qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda, yoshlar va olimlar o‘rtasida almashinuv dasturlari kengaymoqda, turizm va ilmiy hamkorlik rivojlanmoqda. Bunday tashabbuslar xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, mintaqaning “madaniy uyg‘unlik makoni” sifatidagi qiyofasini yanada mustahkamlaydi. Yoshlar siyosati va ta’limni integratsiyalashtirish orqali mintaqaviy tafakkurni mustahkamlash imkoni yuzaga kelmoqda. Bu maqsadlar amalga oshsa, Markaziy Osiyo nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki siyosiy barqarorlik va sivilizatsion uyg‘unlik makoni sifatida shakllanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari Markaziy Osiyo integratsiyasini nazariy g‘oyadan amaliy haqiqatga aylantirdi. Siyosiy muloqotning yo‘lga qo‘yilishi, iqtisodiy aloqalarning faollashuvi, suv-yenergetika va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, madaniy yaqinlikning kuchayishi mintaqada yangi davrni boshlab berdi.
Integratsiya jarayonlari real natijalar va yangi institutsional shakllanish bosqichiga o‘tdi. O‘zbekiston ilgari surgan ochiqlik va ishonch tamoyillari davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, mintaqani global o‘zgarishlar sharoitida barqaror taraqqiyot yo‘liga olib chiqdi. Shu tariqa, Markaziy Osiyo bugun o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlikka asoslangan yangi integratsion modelni shakllantirmoqda. Bu esa uni XXIasrning yangi mintaqaviy barqarorlik namunasiga aylantirmoqda.
Muxtor Nazirov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti,
Musurmon Xurramov,
tarix fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA