French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
12:55 / 2022-04-30

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “CABAR.asia” (Central Asian Bureau for Analytical Reporting) onlayn platformasi bilan hamkorlikda “Global jarayonlar sharoitida Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusida O‘zbekistonning aql markazlari hamda ekspertlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining hozirgi bosqichdagi mintaqaviy hamkorligi, istiqbollari, shuningdek, jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz xatarlarining keskinlashishi sharoitida o‘zaro manfaatli aloqalarni jadallashtirish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Hakimov o‘z ma’ruzasida “Harakatlar strategiyasi” doirasida 2017-2021 yillar mobaynida tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarda yangi yondashuvlar amaliyotga tatbiq etilganligi natijasida O‘zbekistonda chinakam milliy manfaatlarni ilgari suruvchi tashqi siyosat vujudga kelganligini ta’kidlab o‘tdi.

– “Mazkur sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar kengaydi. Natijada, O‘zbekistonning 2017-2021 yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi ikki barobardan ziyodga o‘sib, 2021 yil yakunida mintaqaviy tashqi savdo aylanmasi 6,3 milliard dollardan oshdi.

 Agar O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 2016 yilda 10,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, global pandemiyaga qaramasdan 2021 yil yakunlari bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich 15,1 foizga yetgan. Bundan tashqari, so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston qo‘shni Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan strategik sheriklik o‘rnatdi, 2021 yilda esa O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada jadallashtirish belgilangan. 

Shu maqsadda oliy darajadagi muloqot va ikki tomonlama hamkorlikning barcha formatdagi mexanizmlaridan samarali foydalanish, bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini har yili muntazam tashkil qilishni ta’minlash va ularda faol ishtirok etish hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilanganligi muhim ahamiyatga ega, – deya ta’kidladi F.Hakimov.

Shuningdek, tadbirda xalqaro maydonda kechayotgan o‘zgarishlar va yangi dunyo tartibining transformatsiyasi jarayonlari hamda Markaziy Osiyo davlatlarida mintaqaviy integratsiyaning sun’iy va tabiiy omillariga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, Vebster universitetining Toshkent shahridagi markazi professori, “Bilimlar karvoni” NNT direktori Farhod Tolipov Markaziy Osiyoning o‘tgan 30 yillik tarixida mintaqaviy integratsiyaning bir qator bosqichlari amalga oshgani hamda ushbu jarayon tashqi omillar sabab muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidladi.

– 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbusning qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi, – dedi F.Tolipov. – Shu yo‘l bilan kamtarona mintaqaviy jarayonning qayta tiklanishi, Markaziy Osiyoda hamkorlik va integratsiya organik-tabiiy jarayon ekanligidan dalolat beradi.

Shuningdek, 2021 yil avgust oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonotda davlat rahbarlarining Tashqi ishlar vazirliklariga 2022–2024 yillarga mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» loyihasini tasdiqlashni yakunlash hamda navbatdagi Maslahat uchrashuvida XXI asrda Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rishni topshirganliklari muhim ahamiyatga ega.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi mudiri Faridun Sattarov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan ilgari surayotgan yaxshi qo‘shnichilik tamoyilining falsafiy va siyosiy asoslarini tahlil qilib, mazkur qadriyatning mintaqadagi hamkorlik muhitiga ijobiy hissa qo‘shayotganligini hamda xalqaro maydonda bunday tashabbusning davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlikka xizmat qilishini ta’kidladi.

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Yuriy Saruxanyan ham Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan bildirilayotgan mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha tashabbuslar va loyihalar haqida so‘z yuritib, turli mintaqalarda kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat sharoitida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni amaliy chora-tadbirlar bilan jadallashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Shu bois, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar, tashqi siyosat va mintaqaviy hamkorlik va boshqa sohalarda tadqiqotlar olib borayotgan mahalliy ekspertlari nazariy va amaliy izlanishlarini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan davra suhbati yakunida bir qator tadqiqot markazlari hamda oliy o‘quv yurtlaridan tashrif buyurgan mutaxassis va tadqiqotchilar tomonidan ham mavzu yuzasida fikr va mulohazalar bildirildi.

Z.JONIBEKOV,

O‘zA