French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Markaziy Osiyoda mijozlarga yaxshiroq xizmat ko‘rsatish uchun eng yaxshi bojxona" dasturi doirasida seminar tashkil etildi
11:12 / 2023-11-01

Toshkentda Osiyo taraqqiyot bankining “Markaziy Osiyoda mijozlarga yaxshiroq xizmat ko‘rsatish uchun eng yaxshi bojxona” dasturi doirasida Vakolatli iqtisodiy operatorlar (VIO) dasturini kengaytirish va amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha mintaqaviy seminar o‘tkazilmoqda.

Ushbu seminarda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturiga a’zo davlatlar, ya’ni Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston bojxona xizmatlarining vakillari, transport operatorlari uyushmalari va rivojlantirish bo‘yicha sheriklar ishtirok etmoqda.

Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov so‘zga chiqib, savdo xavfsizligini ta’minlash va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish yo‘lida bojxona xizmatlari tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari bilan sheriklik munosabatlarini rivojlantirishi maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi. 
Ta’kidlanganidek, savdoni yengillashtirish va xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida 2019 yildan boshlab VIO instituti joriy etilgan bo‘lib, hozirgi kunda O‘zbekistonda 53 ta VIOlar faoliyat yuritmoqda. Ularga import-eksport operatsiyalarini amalga oshirishda tegishli imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoy bilan VIOlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha Bitimlarni imzolagan bo‘lib, Koreya, Yaponiya, Turkiya va Belarus bilan bunday kelishuvlarni tuzish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Seminarda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturiga a’zo mamlakatlardan tashrif buyurgan VIO bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokchilar bilan VIOlarning jadal dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi tajribasi bilan bo‘lishmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA