Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoda diasporalarni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
14:48 / 2022-05-11

Toshkentda “Markaziy Osiyoda diasporalarni rivojlantirish – barqaror rivojlanishning muhim omili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy  anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.

Xalqaro forumda Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Germaniya, Polsha, Rossiya ilmiy-akademik va tahliliy markazlarining yuzdan ziyod vakillari, xususan, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mamdlakatimizdagi vakolatxonasi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Turkmanistondan Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar instituti, Strategik tadqiqotlar ilmiy markazi, Fanlar akademiyasi, shuningdek M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Rossiya davlat  gumanitar  universiyeti mutaxassislari ishtirok etdi.

Oltinchi bor o‘tkazilgan ushbu an’anaviy konferensiya bu gal Markaziy Osiyoda diasporalarni hamda ijtimoiy gumanitar sohadagi diasporologiya fanini rivojlantirishga bag‘ishlanadi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy mamlakatlarning  diasporologiya sohasidagi ilmiy-nazariy va uslubiy tajribasini o‘rganish,  mintaqa xalqlari o‘rtasida tolerantlik tuyg‘usini targ‘ib etishga ko‘maklashish, Markaziy Osiyo xalqlari orasidagi diasporalarning tarixi va bugungi kunini o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotda tutgan o‘rnini e’tirof etish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning “o‘zbek modiyeli”ni tadqiq etishda xorijiy malakatlar ilmiy hamjamiyatlarini birlashtirishdan iborat.

Tadbirda ilmiy-akademik ma’ruzalar tinglandi, amaliy chora-tadbirlar belgilandi, Markaziy Osiyoda diasporologiya bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Zulfiya TO‘RANAZAROVA,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti 

yetakchi ilmiy xodimi,

O‘zA