English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi kimyoviy pestitsidlardan foydalanish
19:02 / 2023-05-01

Har yili Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtka bosqini sodir bo‘ladi. Chigirtkalar ekin va yaylovlarni yeb bitirib, qishloq xo‘jaligi yagona daromad manbai hisoblangan minglab insonlarning oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida kimyoviy pestitsidlar chigirtkalarni nazorat qilishning eng tezkor va samarali usuli bo‘lib kelgan.

Biroq, yigirma yildan ortiq vaqt davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) zararli hasharotlarga qarshi kurashishning ekologik jihatdan xavfi kamroq usullarini targ‘ib qilmoqda. Xususan, FAO faqat chigirtkalarga ta’sir qiladigan va inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan biologik insektitsidlardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlaydi.

25-29 aprel kunlari FAO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida biopestitsidlarni ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazilishi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish bo‘yicha FAO dasturi” doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar ko‘magida tashkil etildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining ixtisoslashgan muassasalari vakillari pestitsidlarning namoyish sinovlarida ishtirok etish uchun Jizzax viloyatiga kelishdi. Tadbirda chigirtkalarni nazorat qilish bo‘yicha jami 33 nafar, shu jumladan, FAO mutaxassislari ishtirok etishdi. Yirik xalqaro tadbir Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtkalarni nazorat qilish uchun biopestitsidlardan keng foydalanishni amaliyotga joriy etishga qaratilgan. Bu har yili o‘rtacha 4 million 200 ming gektar maydonda chigirtkaga qarshi ishlov beriladigan mintaqadir.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kimyoviy pestitsidlar zahar hisoblanadi. Ulardan to‘g‘ri foydalangan taqdirda ham, inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf mavjud. Kimyoviy pestitsidlarning qo‘llanilishi natijasida ekotizimlar hayoti uchun zarur bo‘lgan boshqa hasharotlarning ham bir tekis qirilib ketishi ularning atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yana bir bor isbotlaydi.  Pestitsidlar, shuningdek, tuproq, o‘simlik, havo va suvni ham ifloslantirishi mumkin. Shuning uchun ham biopestitsidlar inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda asosiy rol o‘ynaydi. 

Tadbir dasturi taqdimot/nazariy qismdan, shuningdek dala tashriflaridan iborat bo‘ldi. Besh kunlik namoyish sinovlari marokash chigirtkalari lichinkalariga qarshi Metarhizium acridum (Novakrid) va Beauveria bassiana (Yashil to‘siq) zamburug‘lari asosidagi ikkita biopestitsidni qo‘llashni o‘z ichiga oldi. Shu bilan birgalikda, bunda chigirtkalarning o‘limi va boshqa organizmlarga ta’siri baholandi.

Biopestitsidlarning nisbatan kech ta’sir qilishini hisobga olib, ishtirokchilarga atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda zararli hasharotlarni yo‘q qilish usulining samaradorligini namoyish qilish maqsadida ishlov berish namoyish paytida ham, undan taxminan 8-10 kun oldin ham o‘tkazildi. Namoyish sinovlaridan so‘ng biopestitsidlarning  maqsadli bo‘lmagan organizmlarga ta’sirini aniqlash uchun ekologik monitoring o‘tkazildi.

Jizzax viloyatidagi besh kunlik tadbir davra suhbati bilan yakunlandi va unda olingan saboqlar hamda tavsiyalar taqdim etildi. Biopestitsidlardan foydalanish bo‘yicha shu kabi ko‘rgazmali tadbir 2023 yil iyun oyida Kavkazda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. So‘ngra ikkita namoyish sinovlari natijalari Kavkaz va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan birgalikda “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish bo‘yicha FAO dasturi” doirasida kuzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yillik texnik seminar davomida ko‘rib chiqiladi.

 

O‘zA