Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoda bolalar vaksinalariga munosabat qanday?
17:58 / 2023-04-20

Joriy yil dunyo bo‘ylab 55 davlatdan olingan ma’lumot asosidagi tahlilga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi boshlangandan beri Yevropa va Markaziy Osiyoda bolalar vaksinalariga ishonch susaygan. Ushbu mamlakatlarning 29 tasi Yevropa va Markaziy Osiyoda.

YUNICYeF tomonidan taqdim etilgan mazkur yangi hisobotda keltirilishicha, bu ikki mintaqadagi tahlil davomida qamrab olingan mamlakatlarda vaksinaning bolalar uchun muhimligini anglash darajasi 10 foiz kamaygan. Aksariyat hududlarda 35 yoshgacha bo‘lgan kishilarning ayollar va bolalar vaksinalariga nisbatan ishonchi pasaygan.

– Bolalar uchun mo‘ljallangan vaksinaga ishonch pasayishi juda tashvishli, – deydi YUNICYeF Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Filip Kori. – Aslida, immunizatsiya insoniyat erishgan eng ajoyib muvaffaqiyatlardan biri. Pandemiya qo‘zg‘atgan qo‘rquv va noto‘g‘ri ma’lumot oqimi tufayli emlashdan voz kechish holati tez-tez kuzatilyapti. Buning badali og‘ir kelib, juda ko‘p insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Pandemiya, deyarli, barcha mamlakatlarda bolalar emlanishini to‘xtatib qo‘ydi. Bu holat, asosan, sog‘liqni saqlash tizimiga nisbatan kuchli bosim, immunizatsiyaga mo‘ljallangan resurslar koronavirus vaksinasiga yo‘naltirilishi, tibbiyot xodimlari yetishmasligi va uyda qolish chorasi qo‘llanishi tufayli yuzaga keldi. Natijada 2019-2021 yillar oralig‘ida dunyo bo‘ylab 67 million bola muntazam vaksinatsiyadan o‘tmadi, 112 davlatda emlash bilan qamrab olish darajasi ko‘rsatkichi pasayib ketdi.

Qayd etilishicha, bir yoki bir necha bor muntazam emlanishdan qolgan bir millionga yaqin bola Yevropa va Markaziy Osiyoda yashaydi. Afsuski, ularning 327 ming 400 nafari "nol dozali" – hech qanday emlanmagan va "kam emlangan" toifaga mansub bo‘lib, ko‘k yo‘tal, difteriya, qoqshol (AKDS-3) vaksinasining uchinchi talab qilinadigan dozasini olmagan.

Tahlilga ko‘ra, mintaqada nol dozali bolalar mavjudligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Bosniya va Gersegovina, Qirg‘iziston, Moldova, Shimoliy Makedoniya va Ukrainada qayd etilgan. Bosniya va Gersegovina, Gruziya, Chernogoriya, Ruminiya va Ukraina yetarli emlanmagan bolalar soni eng yuqori mamlakatlar guruhini tashkil etgan.

YUNICYeF hukumatlarga murojaat qilib, bolalarni himoya qilish va kasallik o‘chog‘i yuzaga kelishining oldini olish maqsadida o‘tkazib yuborilgan vaksinatsiyani amalga oshirishga chorasini ko‘rishga chaqirmoqda. Jarayon moliyalashtirilishini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish va mavjud, jumladan, koronavirusga qarshi kurashga ajratilgan mablag‘ning ortib qolgan qismidan foydalanish uchun manfaatdor tomonlar bilan ishlashni tavsiya etmoqda.

Hisobotda hukumatlar uchun immunizatsiya xizmati va birlamchi tibbiy yordamni moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat berish, ayol tibbiy xodimlarga, innovatsiya va mahalliy ishlab chiqarishga sarmoya kiritish orqali mustahkam sog‘liqni saqlash tizimini yaratishga doir qator tavsiyalar berilgan. Masalan, shoshilinch ravishda barcha bolalarni, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi davrida emlashni o‘tkazib yuborganlarni aniqlash va vaksinatsiyaga jalb qilish kerak. Vaksinaga ishonch va talabni kuchaytirish, emlanish ehtiyojini qondirish, muammoni hal qilish uchun hamjamiyat bilan yaqin hamkorlik qilish lozim.

Filip Kori immunizatsiya bolalar salomatligi va farovonligini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi. Vaksina bilan kasallikning oldini olish, xastalik oqibatidagi aziyatni imkon darajasida ozaytirish uchun hukumatlar, donorlar koronavirus pandemiyasi bilan kurashish uchun ajratgan mablag‘dan qolgan pulni sarflash hisobidan emlash xizmatini kuchaytirish, barcha bolalarni, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, muntazam emlanishga yo‘naltirish zarur.

Go‘zal Sattorova, O‘zA