Forumda yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning xalqaro, mintaqaviy va milliy vositalari hamda mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Ushbu sessiyaga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Karman va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov moderatorlik qildi.
Ishtirokchilar yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro hamda mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda yoshlar huquqlarini himoya qilishning belgilangan standartlari atroflicha muhokama qilindi.
Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va Yoshlar akademiyasi jamoalari ishtirokida Minskda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Yoshlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “MDH uchun 100 g‘oya” tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.
Kengash yig‘ilishida 2024 yilda Toshkent shahrida birinchi “MDH yoshlari poytaxti” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar, O‘zbekistonda volontyorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni namunasi asosida MDHga a’zo davlatlar yoshlarini rag‘batlantirish yuzasidan taqdimotlar amalga oshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA