Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo yosh ekofaollari Samarqandda birlashdi
13:46 / 2023-10-02

Samarqandda Markaziy Osiyo yoshlari ekologik oromgohi faoliyat boshladi.

Bugun “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tegishli dastur doirasida ekologik forum tashkil etildi.

Tadbir avvalida Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi va yurtimizning turli hududlaridan kelgan 60 nafardan ziyod yosh ekofaol ishtirokida oromgohning ramziy bayrog‘i ko‘tarildi. 
Markaziy Osiyo yoshlarining birinchi ekologik forumida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi.

Ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo ekologik muammolar ta’siri yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanadi. Bu masalada hukumat rahbarlari, mutaxassislar xalqaro minbarlarda ham qayta-qayta bong urmoqda. Albatta, yoshlar ham ertamiz egalari sifatida ayni masalaga befarq emas.  Mintaqada birinchi bor tashkil etilgan ekooromgoh bu boradagi tashabbuslar, yangi fikr va g‘oyalar uchun minbar vazifasini o‘taydi.

— Ekooromgoh tashkil etish tashabbusi ham aynan yoshlarimiz tomonidan ilgari surildi, –- deydi “Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori o‘rinbosari Abduqahhor Abdug‘aniyev. – Bugun aynan ular yangi g‘oyalar drayveri hisoblanadi. Shu bois tadbirda biror mavzu bo‘yicha cheklov yoki yo‘nalish belgilangani yo‘q. Ishtirokchilarning o‘zi mintaqadagi ekologik muammolarni tahlil qilishadi va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini ishlab chiqishadi. Ayni jarayonda ularga ko‘mak berish uchun soha mutaxassislari jalb qilingan.

Besh kunlik tadbir davomida Markaziy Osiyoda yoshlar ekologik harakatini integratsiya qilish orqali mintaqaviy ekomadaniyat strategiyasi va boshqa qator loyihalar ishlab chiqiladi. Ular Birlashgan Arab Amirliklaridagi SOP 28 – Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyada taqdim etilishi rejalashtirilgan.
— Izlanishlarni to‘rt guruhga bo‘lingan holda boshladik, – deydi qoraqalpog‘istonlik yosh ekofaol Nurjahon Jadigirova. – Men maktabgacha ta’lim dasturiga ekomadaniyat ta’limini kiritish loyihasi ustida ish olib boryapman. E’tiborlisi, bu yerdagi barcha ishtirokchilar katta faollik ko‘rsatishmoqda. Fikr va g‘oyalarning xilma-xilligi bir muammoni turli yo‘nalishlarda o‘rganish va yechimini topish imkoniyatini beryapti. Rejalarimiz katta va biz ularni hayotga tatbiq etish uchun astoydil harakat qilamiz.

Dastur doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida seminarlar, uchrashuv va tegishli strategiya loyihasi bo‘yicha muhokamalar tashkil etilishi belgilangan.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari