Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi – konstruktiv platforma
17:23 / 2022-10-31

O‘zbekiston turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, platformalar doirasida faol ishtirok etib, asosiysi, xalqimiz uchun manfaatli tashqi siyosat olib bormoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning, jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi ham sezilarli darajada faollashdi va ko‘p qirrali xususiyat kasb etdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek 2017-2021 yillarda respublikani rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining tegishli yo‘nalishlari hayotga tadbiq etilishi, ko‘p jihatdan, YeI bilan serqirra muloqotni rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yevropa hamjamiyati bilan aloqalar 1992 yil 15 aprel kuni O‘zbekiston hukumati va Yevropa komissiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanishi bilan boshlangan. 1994 yil 16 noyabr kuni tomonlar o‘rtasida diplomatiya munosabati o‘rnatilgan.

2005 yil iyul oyida YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimi tashkil etildi. Buni tuzilma tomonidan mintaqamizning o‘sib borayotgan salohiyatiga nisbatan alohida e’tibor sifatida ko‘rish mumkin. 2019 yil qabul qilingan YeIning mintaqa bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiyasi ham ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lidagi faol hamkorlikka qaratilgan siyosat namunasi. Yevropa Ittifoqi bilan munosabatning shartnomaviy-huquqiy asosi 15 hujjatdan iborat.

Ma’lumki, joriy yil 27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi majlisida ishtirok etdi. Anjumanda siyosiy muloqotni rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy sheriklik va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish istiqboli muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining sammitdagi ishtiroki, Prezidentimiz o‘z nutqida hamkorlikni rivojlantirishga doir ilgari surgan muhim taklif va tashabbuslari xalqaro ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil doira vakillari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi ushbu format amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan muhim muloqot maydoni ekanini qayd etib, an’anaga muvofiq, bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» Iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasini ta’sis etish, tuzilmaning birinchi uchrashuvini kelgusi yili bahorda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashi yillik majlisi arafasida Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.

Mazkur qo‘mita faoliyati doirasida, «Global darvoza» tashabbusi maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategik dastur ishlab chiqish, 2023 yil fevral oyida Rim shahrida Atrof-muhit va suv resurslari bo‘yicha «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» mavzusidagi konferensiya yakunlari bo‘yicha aniq, amaliy qadamlar va tadbirlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish belgilandi. Erasmus+» va «Yevropa gorizonti» dasturlari doirasida ta’lim bo‘yicha ko‘hna qit’a ilg‘or metodikasini joriy etish, qo‘shma fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, birinchi mintaqaviy professional ta’lim loyihasini amalga oshirish tavsiya etildi. Shu bilan birga har yili Yevropa davlatlari poytaxtlarida va madaniyat markazlarida Markaziy Osiyo xalqlarining noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va an’analarini keng targ‘ib etish maqsadida yirik ko‘rgazmalar tashkil qilish, 2023 yili Xiva shahrida o‘tkaziladigan «Yevropa Ittifoqi –Markaziy Osiyo» birinchi turizm forumi doirasida Yevropaning yetakchi operatorlari e’tiboriga Umumiy mintaqaviy turizm mahsulotlari konsepsiyasini taqdim etish taklifi bildirildi. Qolaversa, maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasida axborot almashish va zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi bajarilishini jadallashtirish va sheriklikni mustahkamlash uchun ko‘p tomonlama dasturiy hujjat – “Yo‘l xaritasi” qabul qilish tavsiya etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil noyabrda Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha vazirlar konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Albatta, ushbu nufuzli anjuman savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamlashtirish va boshqa istiqbolli sohalarda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.

Umuman, Ostonada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti tomonlar o‘rtasidagi mavjud geoiqtisodiy va tizimli munosabatni yangi bosqichga olib chiqishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Mazkur format, jumladan, O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatini rivojlantirishga ko‘maklashadigan muhim maydon hisoblanadi. Mamlakatimizning bunday platformalarda faol ishtirok etishi esa, shubhasiz, xalqimiz turmush farovonligini oshirish maqsadiga xizmat qiladi.

Anvarjon Mirkomilov,

“Taraqqiyot strategiyasi”

markazi eksperti