Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti – muhim tashabbuslarni hayotga tatbiq etish platformasi
17:01 / 2025-11-12

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi o‘tkazildi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari hamda rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borgan nufuzli anjumanda 2020 yilda tashkil etilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti – gender tengligi va  ayollar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha tajriba almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish uchun chinakam foydali platformaga aylangani qayd etildi. 

– Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, xotin-qizlarning faol ishtirokisiz adolatli va farovon jamiyat barpo etib bo‘lmaydi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Ishonchim komilki, mintaqadagi boshqa prezidentlar ham xotin-qizlarning davlat taraqqiyotidagi o‘rniga katta ahamiyat beradi. Bu yil Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasining 25 yilligi nishonlanadi. Bu global hujjatlar shunchaki deklaratsiyalar emas, ular harakat uchun qo‘llanma. Bugun faxr bilan ayta olamanki, O‘zbekistondagi islohotlar mazkur muhim hujjatlar ruhini o‘zida mujassam etgan.

[gallery-26212]

Ushbu global hujjatlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekistonda o‘ziga xos tajriba to‘plandi. Mustahkam institutsional va huquqiy baza yaratildi. O‘zbekistonda so‘nggi sakkiz yilda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 110 ga yaqin qonun va me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. 2030 yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasi amalga oshirilmoqda. Huquqiy amaliyotga barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlarning gender bahosi, gender auditi, gender byudjeti, gender statistikasi kabi ilg‘or vositalar joriy etildi.

Bu mexanizmlar davlat siyosatining ayollar va erkaklar maqomiga ta’sirini tizimli baholash imkonini berdi. Gender tengligini ta’minlashga kompleks yondashuv amalda ta’minlanmoqda.

Majlisda kirish so‘zi bilan ishtirok etgan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili K.Imnadze, BMTning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori G.Son, Qozog‘iston Parlamenti majlisi raisining o‘rinbosari D.Yespayeva, Qirg‘iz Jogorku keneshi raisining o‘rinbosari J.Sadirbayeva, Tojikiston Majlisi Olining majlisi namoyandagon raisining o‘rinbosari M.Muini, Turkmaniston Mejlisining qo‘mita raisi B.Miradova, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi S.Mahl Markaziy Osiyo mintaqasi dunyo siyosiy sahnasida muhim o‘rin tutayotganiga e’tibor qaratdi. Yetakchi ayollarning o‘zaro hamkorligida tinchlik va barqarorlik qaror topishi, xalq manfaatlarini ta’minlash, ayollar huquqlarini himoya qilish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Mazkur majlis Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining ustuvor maqsadlarini amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan. 

Mazkur xalqaro hujjatlar ayollarning siyosatdagi ishtiroki, iqtisodiy mustaqilligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga teng huquqli kirish, gender zo‘ravonlikni bartaraf etish va ekologik hamda iqlim siyosatida ayollarning rolini kuchaytirish kabi 12 muhim yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Majlis doirasida 5 ta sessiya o‘tkazildi. Majlis yakunida parlamentlararo tashabbuslar doirasidagi kelgusidagi harakatlar va hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan yakuniy hujjat qabul qilinadi. 

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA