Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo yetakchi ayollari hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar
19:04 / 2021-08-06

Turkmanboshi shahrida 6 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti vakillari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Turkmaniston Milliy Gengesh Mejlisi Raisi Gulshat Mammedova, Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan, Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘orku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Aida Kasimaliyeva, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasi raisi Hilolbi Qurbonzoda qatnashdi.

Tadbirda, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbari Miryana Spolyarich Egger ishtirok etdi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Muloqot ishtirokchilariga Murojaatnomasi eshitildi.

Gender tengligi nafaqat inson huquqini o‘z ichiga oladi, balki jamiyat uchun iqtisodiy inqiroz va global pandemiyadan tortib iqlim o‘zgarishi va qashshoqlikning o‘sishi kabi zamonamizning eng dolzarb muammolarini yengib o‘tish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu muammolar ayollarga nomutanosib ravishda o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shu bilan birga ayollar ularni hal qilish uchun g‘oyalar va yetakchilik fazilatlariga ega.

Bu mavzular Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti forumida atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Muloqotda raisligi doirasida uni takomillashtirishga, ya’ni mintaqa ayollari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi, yuqori sifatli maslahatlar platformasi sifatida shakllantirishga barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishini ma’lum qildi.

U, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2021 yil may oyida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish milliy strategiyasini tasdiqlaganini ta’kidladi. "Hujjat zaxiradagi ayollarni maxsus dasturlar asosida tizimli o‘qitish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayinlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi bir qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi", dedi T.Norboyeva.

Muloqot vakillari Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan gender tengligini ta’minlash bo‘yicha siyosatni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqdilar. Mintaqa yetakchi ayollari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi gender siyosati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va ayollarning jamiyat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbari Miryana Spolyarich-Egger o‘z nutqida mazkur Muloqot bir necha oy ilgari ishga tushirilganda uni muvaffaqiyatli va samarali bo‘lishini tasavvur ham qila olmaganini qayd etdi. "Toshkentdagi Ayollar biznes forumidan tortib, ayollar maqomi bo‘yicha komissiyaning maslahatlashuvlari va ayollar yetakchiligi, nizolarning oldini olish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha davra suhbati kabi birgalikda tashkil etilgan tadbirlar ayollarning harakatlarini birlashtirish orqali qanchalik ko‘p ish qila olishini ko‘rsatadi", dedi Miryana Spolyarich-Egger.

Forumda BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German ayollarning to‘liq iqtisodiy ishtirokisiz gender tengligiga erishish imkonsizligini ta’kidladi. "Shuning uchun ham Muloqotimizning bu yo‘nalishdagi faoliyati juda muhim. Ayollarning iqtisodiy salohiyati va iqtisodiy hamkorligining rivojlanishi shubhasiz mintaqaning rivojlanishi, yangi imkoniyatlar ochilishi, barqaror tinchlik va xavfsizlikka hissa qo‘shishiga yordam beradi", dedi u.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlarini umumiy tarix, madaniyat, din, urf-odatlar bog‘lab turadi. Shuningdek, mintaqa davlatlari gender tengligini ta’minlash, ayollar huquqlarini himoya qilish borasida o‘xshash muammolarga duch keladi. Shu bilan birga, har bir mamlakatda gender masalasida, jumladan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish, jamoat ishlaridagi ishtiroki, fan, ta’lim, madaniyatni rivojlantirish borasida o‘z ijobiy tajribasi mavjud. Shu sababli, bu tajriba bilan bo‘lishish, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi barcha gender muammolari bo‘yicha faol muloqot qilish – butun mintaqa ayollarining umumiy manfaatlariga javob beradi.

Tadbir davomida "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibi, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari forumi deklaratsiyasi qabul qilindi.

Forum yakunida Muloqot ishtirokchilari hamkorlikni yanada kengaytirish, ushbu mintaqaviy platformaning samarali ishlashini ta’minlash uchun doimiy tajriba almashish va Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaati uchun mintaqaviy sheriklikni chuqurlashtirishga hissa qo‘shish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati