Davlatimiz rahbarining Yaponiyaga rasmiy tashrifi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti mavzusi yapon ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Xususan, “The Japan News” nashri Prezidentimizning Tokioga safarini sharhlar ekan, “bu tashrif uzoq yillar davomida izchil rivojlangan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlaydi”, deya qayd etadi.
Shuningdek, yapon gazetasi diyorimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida e’tibor qaratgan. Ayniqsa, nashr ikki o‘lka o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, qo‘shma korxonalar, energetika, transport va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni strategik ahamiyatga ega, deya baholaydi.
– O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik jamiyatlari, ta’lim va akademik almashinuv dasturlari, madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirmoqda, -deb yozadi muallif.
Shuningdek, yapon tahlilchilari “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti haqida to‘xtalib, mazkur muloqot mintaqada barqarorlik, infratuzilmaviy bog‘liqlik va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan muhim platformaga aylanayotganini e’tirof etgan.
D.Hakimov, O‘zA