Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida
17:52 / 2025-12-15

Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tashabbusi bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasining mazmun-mohiyatini tushuntirish va keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat Kengashi xodimlari, tarmoq va tashkilotlar rahbarlari hamda tuman va shahar Kengashlari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari raislari faol ishtirok etishdi.

Viloyat Kengashi raisi Rustam Tursunmurodov maqolada ilgari surilgan strategik g‘oyalar, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda iqtisodiy va inson kapitali rivojiga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi. U ta’kidladiki, maqola nafaqat O‘zbekistonning mintaqaviy va global maqsadlarini aks ettiradi, balki barqaror taraqqiyot va do‘stona hamkorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi.

Guliston davlat universiteti dotsenti Nodira Sultonova ham ma’ruza qilib, maqolaning ahamiyati va Markaziy Osiyoda barqarorlik hamda taraqqiyotdagi roli haqida fikr bildirdi. U mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, iqtisodiy va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish orqali yangi istiqbolli yo‘nalishlar ochish muhimligini ta’kidladi.

Maqolada qayd etildiki, so‘nggi yetti-sakkiz yilda Markaziy Osiyo geosiyosiy jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘ydi. 2017 yildan boshlab davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada hamkorlikni institutsionallashtirib, siyosiy ishonch muhitini mustahkamladi, chegara va ziddiyatlarni hal etishda muhim rol o‘ynadi.

Iqtisodiy hamkorlikda ham sezilarli natijalar qayd etilgan: mintaqaviy YAIM 8 yilda 2,5 barobarga o‘sib, 520 mlrd dollarga yetdi; tashqi savdo hajmi 253 mlrd dollarga chiqdi; O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan tovar aylanmasi 2016 yildagi 2,4 mlrd dollardan 2024 yilda 7,2 mlrd dollarga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni 1800 tadan ortiq bo‘ldi.

Suv va energetika sohasida hamkorlik Qambarota GES-1 va Zarafshon daryosidagi gidrotarmoqlar orqali ekologik mas’uliyat va resurslardan adolatli foydalanish modelini shakllantirdi.  

Afg‘oniston bilan hamkorlik va Transafg‘on temir yo‘li mintaqaning iqtisodiy va xavfsizlik salohiyatini oshirishi qayd etildi.

Gumanitar sohada hamkorlik: ta’lim, fan, madaniyat, sport va turizm yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalar xalqlar o‘rtasida ishonch va do‘stlik rishtalarini mustahkamlaydi, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Prezident maqolasida Markaziy Osiyo taraqqiyoti va hamkorligida besh asosiy vazifa belgilangan: mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy integratsiyani kengaytirish, ekologik barqarorlik va “yashil” texnologiyalarga o‘tish hamda tashqi siyosatda muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni qo‘llash.

Tadbir ishtirokchilari Prezident maqolasida ilgari surilgan g‘oyalarni yuqori baholashib, bu konsepsiyalar Markaziy Osiyoning barqaror, farovon va strategik jihatdan rivojlangan mintaqaga aylanishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri