Amerika Qo‘shma Shtatlari mintaqadagi ishtirokini kamaytirayotgan, Rossiya Ukraina bilan ziddiyat oqibatini o‘ylayotgan, Yevropa Ittifoqi esa qisqa formatlar taklif etayotgan bir sharoitda Xitoy strategik va izchil yo‘l tanlagan.
Binobarin, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatining boshqa, ta’bir joiz bo‘lsa, amalga oshirish bo‘yicha qat’iy mexanizmga ega bulmagan diplomatik qobiqdan chiqolmayotgan S5+ platformalaridan farqini institutsional va shartnomaviy asosga egaligi bilan izohlash mumkin.
Bugun xalqaro hamkorlik masalasi ko‘tarilganda, mavzu faqat savdo-sotiq bilan cheklanmaydi. Qo‘shma sanoat loyihalari, “yashil” energetika, raqamlashtirish, texnologiya transferi va ta’lim platformalarini yaratish kabi muhim masalalar ham kun tartibiga chiqadi.
Masalan, Qozog‘iston 2026 yilni “Markaziy Osiyo – Xitoy formatida ta’lim va fan yili” deb e’lon qilish taklifini kiritgan. O‘zbekiston esa investitsiya va savdo bo‘yicha mintaqalararo kengash g‘oyasini ilgari surmoqda.
Boshqacha aytganda, Xitoy nafaqat mintaqada yo‘l yoki zavodlar qurish, balki kelajakni ko‘zlagan holda dadil qadam tashlamoqda.
Xullas, aytish mumkinki, bugun butun dunyo, jumladan eng qudratli davlatlar va mintaqalar Markaziy Osiyoga katta qiziqish bilan qaramoqda. Bu haqiqatni inkor qilib bo‘lmaydi.
Iyun oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammit va qator forumlarni ramziy ma’noda “kelajak devoriga qo‘yilgan ikki g‘isht” sifatida izohlash mumkin. Demak, endi Sharq va G‘arb faqat dengiz emas, balki quruqlik – Markaziy Osiyo orqali ham bog‘lanadi.
Tursunali Qo‘ziyev,
O‘zbekiston Jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
YUNESKO kafedrasi professori