Senat yalpi majlisida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, siyosiy muloqot, iqtisodiy rivojlanish, transport-kommunikatsiya, investitsiya, energetika, ta’lim hamda madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Nizomda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida kotibiyatning vazifalari, mexanizmlari va hamkorlik yo‘nalishlari belgilangan. Xususan, kotibiyat sherik mamlakatlar o‘rtasida kelishuvlarni muvofiqlashtirish, amaliy loyihalarni samarali amalga oshirish va doimiy muloqot platformasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Nizomning ratifikatsiyasi O‘zbekistonning mintaqaviy integratsiya jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirib, hududiy iqtisodiy, investitsiyaviy va infratuzilmaviy, transport va logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, yangi koridorlar yaratish va savdo aylanmasini oshirishga xizmat qiladi.

Senatorlar ma’qullagan qonun O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikka oid tashabbuslarini amalga oshirish, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasidagi konstruktiv muloqot va amaliy sheriklikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA