Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo xabarlari
19:41 / 2026-03-09

Markaziy Osiyo mintaqasi strategik joylashuvi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari sabab doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu bois mazkur hududlarda yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy. O‘zA saytida har hafta “Markaziy Osiyo xabarlari” loyihasi berib borilmoqda. Quyida yakunlangan hafta mintaqamizda yuz bergan asosiy voqealar haqida so‘z boradi.

Qozog‘istonda gaz portladi. Qurbonlar hozircha 11 kishi

Shuchinsk shahridagi kafeda gaz portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 kishiga yetdi, deb xabar berdi Akmola viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

27-fevral kechasi besh qavatli turar-joy binosiga tutashgan “Plov Sentr” kafesida gaz portlab, yong‘in sodir bo‘lgan. Dastlab voqea joyidayoq 7 kishi, jumladan 16 yoshli qiz halok bo‘lgani e’lon qilingan edi. Fojia tufayli 28 inson jabrlanib, ulardan 13 nafari kasalxonaga yotqizilgan, 8 kishi tibbiy yordam olgach, uyiga qaytgan edi. Mart oyi boshida og‘ir kuyish jarohati olgan ikki bemor kasalxonada vafot etdi va qurbonlar soni to‘qqiz kishiga yetdi.

Mazkur hodisa munosabati bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, muassasa egasi ikki oyga hibsga olingan.

– Afsuski, shifokorlar sa’y-harakatiga qaramay, yana ikki nafar og‘ir ahvoldagi bemor 8-mart kuni vafot etdi, – deya, idora matbuot xizmati boshqarma boshlig‘i Nariman Ermekning so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Respublika rasmiylari halok bo‘lganlarning oilalariga 4000 dollardan, jarohatlanganlarga esa 2000 dollardan tovon to‘lanishini e’lon qildi. Shuningdek, qarindoshlarning mavjud kreditlari qoplab beriladigan bo‘ldi.

Shuchinsk – Qozog‘iston shimolida, Shuche ko‘li bo‘yida, viloyat markazi Kokshetaudan 70 kilometr janubi-sharqda, Ostonadan 250 kilometr masofada joylashgan kurort shaharcha. Hududda taxminan 48 000 aholi istiqomat qiladi.

Iroq Turkmanistonda elchixona ochdi

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ashxobodda Iroq diplomatik vakolatxonasi ochildi. Shu munosabat bilan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Serdar Muhammetdurdiyev elchixona muvaqqat ishlar vakili Jasim Muhammad Al-Attor bilan uchrashdi.

Muhammetdurdiyev qabul qilingan mazkur qaror uchun Iroq tomoniga minnatdorlik bildirgan. Ta’kidlanishicha, bu voqea siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.

Bundan tashqari tomonlar savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirish, jumladan ikki mamlakat biznes hamjamiyatlari o‘rtasida sheriklik o‘rnatish imkoniyatini ham muhokama qilgan. Fan, ta’lim, sport va turizm aloqalarini rivojlantirish istiqbolli ekani qayd etilgan.

OTB Tojikistondagi loyihalar uchun 1,1 milliard dollar ajratadi

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Osiyo taraqqiyot banki raisi Masato Kandani qabul qildi. Tomonlar strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbolini muhokama qilgan.

Davlat rahbari hamkorlikning hozirgi darajasidan mamnunlik bildirib, ushbu yirik moliyaviy muassasaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga erishishdagi hissasini yuqori baholadi. O‘tgan yillar davomida jami 2,9 milliard dollarlik 200 dan ziyod loyiha amalga oshirilgani ta’kidlandi.

– O‘tgan hafta tasdiqlangan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik strategiyasiga alohida e’tibor qaratildi, – dedi Masato Kanda uchrashuvdan keyin uyushtirilgan brifingda. – Mazkur hujjatga asosan OTB Tojikiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 1,1 milliard dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Biz birgalikda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashni qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyani rag‘batlantirish, barqaror o‘sish va jamoat farovonligi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishda davom etamiz.

Qirg‘izistonda tilanchilik uchun jazo kuchaytiriladi

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari tomonidan tilanchilikni kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishdayoq qabul qilindi.

Hujjat ushbu illatning jamoat tartibiga salbiy ta’sirini bartaraf etish, ko‘chalardagi tilanchilikni bartaraf etish orqali yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, zaif guruhlarni ekspluatatsiyadan himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Endi Qirg‘izistonda jamoat joylari, jumladan yo‘llarda doimiy tilanchilik qilish quyidagi usullar bilan jazolanadi:

Pul yoki boshqa moddiy boylik olish maqsadida jamoat joyida doimiy tilanchilik qilish 20-30 soat jamoat ishiga jalb etilish yoki uch kungacha qamoqqa olinishga sabab bo‘ladi. Bir oy ichida yuz beradigan takroriy huquqbuzarlik 30-40 soatlik jamoat ishi yoki 3-5 kunlik qamoq bilan jazolanadi. Chet el fuqarosi shunday harakatni takroran sodir etsa, mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Keksalar, homilador ayollar, nogironligi yoki ruhiy kasalligi bo‘lgan shaxslar tilanchilik bilan shug‘ullansa, 200 hisoblash birligi miqdorida jarima belgilanadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA