Tojikistonda jinoyatlar soni kamaydi
Tojikiston Bosh prokurori Habibullo Vohidzoda 2025 yil oxiriga kelib mamlakatda terrorchilik va ekstremistik faoliyat bilan bog‘liq jinoyatlar soni 314 taga kamayganini e’lon qildi.
– Bu ijobiy natija Prezidentning ijtimoiy tarmoqda izoh qoldirganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atmaslik to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bilan bevosita bog‘liq, – dedi ma’ruzachi. – Qolaversa, axborot-targ‘ibot jarayoni ham kuchaytirildi.
Mulozim ekstremizm va terror jinoyatlari uchun tegishli jazoga tortilgan 405 mahbus jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganini ham ta’kidladi.
O‘tgan yil may oyida yetakchi Emomali Rahmon ijtimoiy tarmoqda munosabatbildirganlik uchun jinoiy jazoni bekor qiluvchi qonunni imzolagani haqida xabar berilgan edi. 2018 yildan beri Tojikistonda hatto eng mayda faoliyat – ma’qullashdan tortib ulashishgacha – hamma umumiy shartga bo‘ysunib kelgan. Bunday qoidabuzarlik 10-15 yillik qamoq bilan jazolangan.

Qirg‘iziston parlamentiga yangi spiker saylandi
Deputat Marlen Mamataliyev Qirg‘iziston Jogorku Keneshi yangi spikeri etib saylandi.
Ikki deputatlik guruhi – “Ala-Too” va “Eldik” parlament spikeri lavozimiga Marlen Mamataliyev nomzodini ilgari surdi. Ushbu nomzodni 83 deputatdan 77 nafari yoqladi, besh noib rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, parlament yig‘ilishida sobiq spiker Nurlanbek Turg‘unbek uulu o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi. Avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbariyatida o‘zgarish yuz bergani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Prezident huzurida Davlat xavfsizlik xizmati tashkil etildi va Chegara xizmati Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarilib, mustaqil tuzilma – Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmatiga aylantirildi.

Turkmanistonda maxsus xizmatlar rahbari almashtirildi
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov general-mayor Nazar Atagarayevni boshqa lavozimga o‘tgani sababli Milliy xavfsizlik vaziri lavozimidan ozod qildi.
Tizim rahbarligiga general-mayor Davlatgeldi Meredov tayinlandi.

Qozog‘istonda qor ostida qolgan 17 kishi qutqarib qolindi
“Kazinform” xabar berishicha, Qozog‘istonning Jetisu viloyatida ob-havo yomonlashishi ortidan ikki tumanda qutqaruv guruhi tashkil etildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bir necha nuqtada zudlik bilan voqea joyiga yetib kelib, jami 17 kishini qutqargan.
Vazirlik ma’lumotga ko‘ra, jumladan Alakol tumanida tezkor qutqaruv amaliyoti o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Ko‘ktuma bekatidan 35 kilometr masofadagi qishloq yo‘lida uch mashina qor uyumi ostida qolgan. Avtomobil ichida 14 kishi bor edi. Mutaxassislar voqea joyiga yetib kelib, barcha yo‘lovchilarni evakuatsiya qildi. Shu tariqa insonlar xavfsizligi ta’minlandi.

Shuningdek, Sarkan tumani Lepsi qishlog‘idan 15 chaqirim masofada joylashgan Balxash ko‘li qirg‘og‘ida transport vositasi nosozligi tufayli qolib ketgan uch kishi ham xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi haydovchilarga ob-havo sharoitini hisobga olish, qor bilan qoplangan chekka yo‘llarda harakatlanishda ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha muntazam tavsiyalar bermoqda.
Avvalroq Jetisu viloyatida qor bo‘ronida qolgan 70 kishi qutqarilgani haqida xabar berilgan edi.
Go‘zal Sattorova tayyorladi. O‘zA