Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo xabarlari
17:22 / 2024-05-11

Emomali Rahmon: “Crocus” voqeasi Tojikiston imijiga jiddiy putur yetkazdi

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 9-may kuni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan suhbatda “Crocus City Hall”da mart oyida sodir bo‘lgan terakt mamlakati obro‘siga jiddiy putur yetkazganini qayd etdi. Bu haqda Kreml sayti yozdi.

Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, terrorizmga qarshi “hamma joyda birga kurashish kerak”.

– Ikki mamlakat razvedka xizmati o‘tgan yillarda yaxshi ishlagan, ammo “Crocus City Hall”da fojia yuz berdi, – degan Tojikiston rahbari. –  Tojikiston 30-yildan ortiq terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashib kelyapti va bu global muammoni bevosita biladi. Tojiklar qadimiy tarix, madaniyat va sivilizatsiyaga ega qadimiy xalq. Bo‘lib o‘tgan fojiani, biz mutlaqo qabul qila olmaymiz. Bu xalqimiz imiji, tarixi, madaniyati, urf-odatiga jiddiy putur yetkazadi. Mazkur muammoga qarshi yaqin hamkorlikni davom ettiramiz.

Shuningdek, Rahmon respublika terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda ikki tomonlama standartga qarshi ekanini aytdi.

– Pozitsiyamiz 30-yildan beri ma’lum: biz terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda ikki tomonlama standartga qarshimiz, terrorning millati ham, dini ham yo‘q, – dedi Prezident.

Putin, o‘z navbatida, Rossiya va Tojikiston razvedka xizmatlari umumiy tahdidlarni, jumladan terrorizmni to‘xtatish uchun faol ishlayotganini bildirdi.

– Bu ish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, hamkasblar bir-biri bilan yaqin aloqada. Siz va men buni qo‘llab-quvvatlaymiz va shu yo‘lda davom etamiz, – dedi u.

Qozog‘istondagi ilk avtomobil tunneli yozda qurib bitkaziladi

Kecha Qozog‘iston transport vaziri Marat Qarabayev mamlakat janubida infratuzilma obyektlari qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Uning Qizilo‘rda, Turkiston viloyatlari va Chimkent shahriga xizmat safari chog‘ida “Shaqpaq bobo” dovoni orqali o‘tadigan hududdagi ilk avtomobil tunneli qurilishi yakunlanishi muddati e’lrn qilindi.

Bu haqda “Kazinform” vazirlik matbuot xizmatiga tayanib yozgan.

Shu yil yozda “Shaqpaq bobo” tunnelini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirgacha beton va asfalt yotqizish ishlari to‘liq bajarilib, yoritish moslamalari o‘rnatildi. Ayni payt video-kuzatuv tizimi o‘rnatish, gaz quvurlarini yotqizish, ventilyatsiya va yong‘inga qarshi uskunalarni joylashtirish davom etmoqda. Yo‘l qo‘mitasi vakillari ta’kidlashicha, asosiy ish bajarib bo‘lindi.

Shuningdek, vazir respublika ahamiyatiga molik M-32 Samara – Chimkent avtomobil yo‘lining 463 kilometrga teng Qizilo‘rda – Saksovul qismini ko‘zdan kechirdi. Ushbu trassani rekonstruksiya qilish ko‘rsatmasi Prezident Qosim-Jomart Toqayev tomonidan o‘tgan yil oktyabrda Qizilo‘rda viloyatiga amaliy tashrif chog‘ida belgilab berilgan edi.

Qirg‘iziston Milliy banki yangi banknotani muomalaga kiritdi

Qirg‘izistonda 2024-yil 10-maydan boshlab milliy valyutaning 2023 yilgi yangi beshinchi seriyadagi, nominal qiymati 5 ming som bo‘lgan banknoti muomalaga kiritildi. Qirg‘iz Respublikasi Milliy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil namunasidagi besh ming somlik banknotning old tomonida taniqli aktyor va rassom S.Cho‘qmorovning portreti, orqa tomonida esa “Ala-Too” kinoteatri binosi aks etgan. Ushbu pul birligining asosiy rangi va o‘lchami ham o‘zgarishsiz qoldi. Banknot qalbakilashtirishdan ishonchli himoyani ta’minlovchi zamonaviy xavfsizlik elementlarining uch darajali majmuasiga asoslangan.

Mamlakat o‘z milliy valyutasi – suveren davlatning ajralmas ramziga aylangan qirg‘iz somini muomalaga kiritganiga 31-yil to‘ldi.

Turkmaniston va Turkiya bojxonachilari qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

Yaqinda Turkmaniston Davlat bojxona xizmati va Turkiya Bojxona va savdo vazirligi vakillari videoaloqa shaklida muzokara o‘tkazdi.

Tomonlar “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risida”gi Bitim va “Qo‘shma bojxona qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi protokol loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Qo‘shma bojxona qo‘mitasi tashkil etilishi ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish doirasida samarali bojxona hamkorligini shakllantirishga, Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi loyihasi esa ikki qardosh mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasida tovarlar haqida dastlabki ma’lumot almashinuvini ta’minlashga xizmat qiladi. Bunday ma’lumotlar bojxona nazorati payti zarur bo‘ladi.

Turkmaniston tomoni Turkiya mamlakat uchun asosiy importchi mamlakatlardan biri ekanini ta’kidladi. So‘nggi to‘rt yilda davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qiymati 3 barobar oshib, 2023-yil yakunida 2,5 milliard dollardan oshdi. Yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA