Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi endi strategik sheriklardir
11:41 / 2025-04-08

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo uchun asosiy investorlardan biri, mintaqaning ikkinchi yirik savdo hamkori. Endi hamkorligimiz yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.

O‘tgan hafta Samarqand shahrida oliy darajada tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti hamda o‘tkazilgan ochiq, konstruktiv va samarali uchrashuvlar davlatlar rahbarlarining mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz manfaatlari yo‘lida sheriklik va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan siyosiy irodasi va qat’iyatini yana bir bor namoyon etdi. Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirishga va dunyodagi yirik aktorlarning mintaqamizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Vaholanki, bundan yetti-sakkiz yil avval buning uchun hatto sharoit ham yo‘q edi. Ba’zi mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar yopiq, savdo, tranzit, biznes, gumanitar almashuvlar haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasdi. 

Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani tufayli dunyoning e’tibori yana mintaqamizga qaratildi. Barcha davlatlar va tashkilotlar, hamjamiyatlar mintaqamizga yaxlit organizm sifatida qaray boshladi. Davlatimiz rahbari “Euronews”ga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tganidek, “shu tarzda, Markaziy Osiyo endi tarixning chetida emas, balki o‘z strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi”.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning strategik sheriga yana bittaga oshdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilindi. Endi hamma gap strategik sheriklikni aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitilishida qoldi. Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari ikki mintaqa o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bo‘yicha to‘laqonli Bitimni imzolash masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bu – siyosiy muloqotlarni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar va investitsiyalar, ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash demakdir. Ana shu maqsadda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etgani ayni muddao bo‘ldi. Aloqalardagi jadallikni saqlab qolish maqsadida MO-YeI sammitini har ikki yilda bir marta o‘tkazishga kelishib olindi. 

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish o‘zaro hamkorlikning ustuvor mezoni bo‘lishi lozimligini e’tirof etdi. Buning uchun o‘zaro sharoitlar bor. Ўзбекистонда izchillik bilan qulay biznes muhiti yaratilmoqda, bozor institutlari rivojlantirilmoqda, investitsiya muhiti yaxshilanmoqda. Xorijiy investorlar uchun “yagona darcha” tizimi joriy etilgan, valyuta bozori liberallashtirilgan, biznes uchun soliq yuki kamaytirilgan. Natijada mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda ijobiy sur’at kuzatilmoqda. Yevropa kapitali ishtirokidagi mingdan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani, investitsiya loyihalari hajmi esa 30 milliard yevroga yetgani yevropalik hamkorlarning O‘zbekistonga ishonchi ortganidan dalolat beradi. Shu yil davlatimiz rahbarining Bryusselga kutilayotgan tashrifi chog‘ida Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi mo‘ljallanyaptiki, bu savdo-investitsiya aloqalarini yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi shubhasiz. 

Ta’kidlash joizki, iqtisodiy bog‘liqlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun savdo tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, Markaziy Osiyo mahsulotlarining Yevropa bozoriga kirish imkoniyatini yaxshilash, texnik standartlar va sertifikatlarni uyg‘unlashtirish zarur. Shu bilan birga, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, raqamli iqtisodiyot va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish jarayoniga Yevropa biznesini faol jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqa xalqaro moliya institutlari orqali moliyaviy ko‘mak mexanizmlarini faollashtirish muhim ahamiyatga ega. Joriy yilning iyunida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan joriy loyihalar portfelini taqdim etish kutilmoqda. Bu esa yurtimizda kichik va o‘rta biznes rivoji uchun qulay sharoitlar yaratilishi, qo‘shimcha minglab ish o‘rinlari barpo etilishi, mintaqa iqtisodiy barqarorligi va aholi farovonligini oshirish kafolati bo‘ladi. Boz ustiga, shu kunlarda Toshkentda Yevropa investitsiya banki ofisini ochish to‘g‘risida imzolangan bitim Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini rag‘batlantiradi. Yevropalik sheriklar O‘zbekiston yetakchisining yana bir tashabbusini – “yashil” energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma sohalarida va agrar sektorda yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, mamlakatlarimizning iqtisodiy manfaatlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qator yangi takliflar bildirildi. Bu, eng avvalo, investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘ptomonlama bitimni imzolash, xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini, birinchi galda, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma mintaqaviy dasturlarni qabul qilishga qaratilgan.

Sammit davomida strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilingani e’tiborga molik masalalardan bo‘ldi. 2050 yilgacha iqlim bo‘yicha neytrallikka erishishga va strategik sektorlarda o‘z mustaqilligini mustahkamlashga intilayotgan YeI uchun toza energiya va noyob minerallariga ega bo‘lish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoda jahondagi marganets rudasi zaxirasining 38,6 foizi, xromning 30,07 foizi, qo‘rg‘oshinning 20 foizi, ruxning 12,6 foizi va titanning 8,7 foizi kabi yirik konlar mavjud. Bu xom ashyo resurslari kelajak global iqtisodiyoti uchun hayotiy manbadir. Ammo ayni paytda ular global o‘yinchilarni ham jalb qiladi, ularning ba’zilari faqatgina foydalanish va qazib olishdan manfaatdor. Yevropaning taklifi boshqacha. 

– Markaziy Osiyo – qadimiy tarixga va katta ambitsiyalarga ega bo‘lgan g‘ururli va mustaqil davlatlar mintaqasi... Biz sizning mahalliy sanoatni rivojlantirishdagi sheriklaringiz ham bo‘lishni xohlaymiz. Qo‘shimcha qiymat mahalliy bo‘lishi kerak. Bizning ishlash tajribamiz buning guvohidir, – dedi fon der Lyayen. 

Yevropa faqat xom ashyoni olib ketish emas, balki to‘liq qiymat zanjirini yaratish, ya’ni qazib olishdan qayta ishlash va qayta tiklashgacha bo‘lgan jarayonni shakllantirishni maqsad qiladi. Bu esa mahalliy ish o‘rinlari yaratish, yuqori ekologik va ijtimoiy standartni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo ushbu mahsulotlarni, shuningdek, tayyor sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish uchun samarali transport yo‘laklarining yo‘qligi bunda asosiy to‘siq hisoblanadi. Jumladan, Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va yuk bilan ta’minlash uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni va biznes uchun manfaatli sharoitlarni ishlab chiqish zaruratga aylanib bormoqda. Shu munosabat bilan, Prezidentimiz kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Yevropa Ittifoqi shafeligida ushbu yo‘nalishda joylashgan mamlakatlarning transport vazirlari uchrashuvini chaqirishni taklif etdi.

O‘zbekiston Prezidenti shuningdek, mintaqa mamlakatlarini raqamli ta’lim sohasida Yevropa harakatlar dasturiga qo‘shish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi universitetlari o‘rtasida sheriklik borasida “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. Madaniy aloqalar xususida so‘z borganda, yevropalik mutaxassislar ishtirokida “Lazgi” milliy baletining sahnalashtirilishi madaniyat sohasidagi kooperatsiyaning yaqqol misoli bo‘ldi. Yevropadagi Luvr, Berlin Yangi muzeyi, Vena Butunjahon muzeyi kabi yirik muzeylarda Markaziy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, joriy yilning kuzida Samarqandda o‘tadigan, so‘nggi qirq yilda Parijdan tashqarida ilk bor bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi chog‘ida mintaqamiz xalqlarining boy madaniyati va san’ati bilan yanada keng tanishtirish imkoniyati tug‘ildi. Shuningdek, joriy yilda Buxoroda birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sayyohlik forumi o‘tkaziladi. 

Mintaqamiz ham, Yevropa Ittifoqi ham xavfsizlik sohasida, jumladan, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash masalalarida umumiy tahdid va xatarlarga duch kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. O‘zbekiston rahbari yevropalik sheriklarning terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. 

Sammitda ko‘tarilgan yana bir geosiyosiy xavfsizlikka oid masala bundan to‘rt yil muqaddam Tolibon hokimiyatga kelgan Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash zaruriyati bilan bog‘liq. Shavkat Mirziyoyev “dunyo Afg‘onistondan kelayotgan tahdidlarga yetarlicha baho bermayotgan“ini ta’kidladi: “Afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish muhimligini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz”.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etgan “Markaziy Osiyo – YeI” sammitida hamkorlar o‘zaro hamkorlik darajasini strategik sheriklikkacha oshirishga kelishib oldi va Bryussel o‘z “Global Gateway” tashabbusi doirasida mintaqaga 12 milliard yevro miqdorida yangi investitsiya paketi ajratilishini e’lon qildi. 

Yangi global to‘siqlar paydo bo‘layotgan, investitsiyalar qayta yo‘naltirilayotgan yoki qisqartirilayotgan, davlatlar ta’sir doiralarini qayta shakllantirayotgan bir davrda ikki yirik mintaqaning munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ulkan Yevroosiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlik, farovonlikka xizmat qiladi. 

Samarqandda bo‘lib o‘tgan YeI – Markaziy Osiyo birinchi sammiti Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni mustahkamlash, bir-birlarining o‘zaro iqtisodiyotlarini to‘ldirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi. Boz ustiga, sammit Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror ekanligini va Yevropa bilan strategik munosabatlarga teng hissa qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatish imkonini berdi. Biz uchun asosiy xulosa shundan iboratki, Markaziy Osiyo endi bir butun sifatida qabul qilinmoqda. 

Toshpo‘lat Matibayev,

sotsiologiya fanlari doktori, professor