Bugun Toshkentda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Huawei Tech Carnival & Partner Summit 2025” mintaqaviy tadbirining birinchi kungi sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
“Intellektual dunyoni jadallashtirish” umumiy mavzusidagi tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilib, u soha yetakchilari hamda ekspertlarni mintaqa raqamli transformatsiyasida intellektual texnologiyalar imkoniyatlarini muhokama qilish uchun birlashtirdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston o‘z tarixiy merosi va zamonaviy innovatsiyalari bilan ajralib turadi.
– Yurtimizda so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar sohasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgan bu kabi yirik tadbirlar buning yaqqol isbotidir. Mamlakatimiz turizm va investitsiya jihatidan katta salohiyatga ega bo‘lib, dunyo hamjamiyati bilan strategik hamkorlikni kengaytirmoqda. “Huawei” kompaniyasi bilan 25 yillik samarali hamkorlik doirasida universitetlarda ICT akademiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, raqamli xizmatlar eksporti kengaymoqda va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. O‘zbekistonda aholi soni keskin ortib bormoqda va bu ta’lim sohasida keng qamrovli islohotlarni talab etmoqda. Maktabgacha ta’lim tizimi yaxshilanib, barcha maktablar yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi. Mamlakatimiz bunday yirik xalqaro tadbirlar uchun maydonga aylanib borayotgani nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki texnologik salohiyatni yuksaltirishga ham xizmat qiladi, – dedi vazir.
“Huawei” kompaniyasining katta vitse-prezidenti, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Filipp Gan o‘z nutqida O‘zbekiston so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biriga aylanganini qayd etdi
– Bugun ushbu nufuzli tadbir doirasida raqamli aql-zakovat sohasidagi tajriba va yutuqlar muhokama qilindi. Kompaniyalar sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va intellektual tarmoqlar orqali turli sohalarni modernizatsiya qilishga xizmat qiluvchi ilg‘or yechimlarni taqdim etdi. Bu jarayonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sishga erishish imkoniyati yuqori baholandi. Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari raqamli transformatsiyani jadallashtirmoqda. Masalan, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar kabi davlatlar milliy sun’iy intellekt strategiyalarini qabul qilgan bo‘lsa, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham raqamlashtirish, intellektual aloqa hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga tayangan iqtisodiy modelni shakllantirmoqda. Kompaniyamiz esa ana shunday jarayonlarda strategik hamkor sifatida ishtirok etib, raqamli yechimlarni taqdim etishga tayyor, – dedi u.
Janob Ganning ta’kidlashicha, mintaqa uchun muvaffaqiyatli raqamli transformatsiya beshta asosiy elementga tayanadi. Bu – raqamli infratuzilmaning asosi sifatida aloqa, hisoblash, bulutli platformalar, shuningdek, “yashil” rivojlanish va farovon ekotizimni yaratishdir. Ushbu elementlarning amaliyotdagi qo‘llanilishi “Tech Carnival” tadbirining 50 dan ortiq ko‘rgazma maydonlarida namoyon etilmoqda.
Unda ishtirokchilar sun’iy intellektga asoslangan tarmoqlar, yangi avlod bulutli arxitekturalari, optik texnologiyalar, ma’lumotlarni saqlashning intellektual tizimlari o‘zaro qanday ishlashini va kompleks raqamli yechimlarni qanday yaratishni ko‘rgazmali jarayonlarda kuzatmoqda.
Tadbir o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA