Global o‘zgarishlar sharoitida Yaponiya Markaziy Osiyoda texnologiya va innovatsiyalar orqali modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlayotgan, iqlim o‘zgarishi hamda suv-energetika xavfsizligi kabi dolzarb masalalarda ishonchli sherik sifatida namoyon bo‘layotgan davlat sifatida tobora faollashmoqda.
Mintaqa mamlakatlari uchun esa Yaponiya bilan hamkorlik qo‘shimcha geosiyosiy imkoniyatlar, barqaror rivojlanish va “yumshoq kuch” asosida shakllangan uzoq muddatli ishonchli munosabatlarni yanada rivojlantirmoqda.
O‘zA muxbiri ana shu jarayonlar va kunchiqar yurtning mintaqadagi roli xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi direktori, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Oqiliddin Alimov bilan suhbatlashdi.
– Aytingchi, Yaponiyaning texnologiya va innovatsiyalari mintaqamizning modernizatsiya jarayonlarida o‘rni qanday?
– Bilasizmi, Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Yaponiya qisqa muddat ichida yuqori texnologiyali industrial davlatga aylandi. Bugungi kunda u nafaqat milliy iqtisodiyotga, balki global va mintaqaviy darajada modernizatsiya jarayonlariga ta’sir etuvchi muhim o‘lka sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, iqtisodiy transformatsiya va institutsional islohotlar yo‘liga kirib, modernizatsiyani milliy taraqqiyotning strategik maqsadi sifatida belgiladi. Bu jarayonda tashqi texnologik tajriba va xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi.
Yaponiyaning modernizatsiya modeli uning tarixiy rivojlanish tajribasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, davlat, xususiy sektor va jamiyat o‘rtasidagi funksional muvozanatga tayanadi. Ushbu model texnologik taraqqiyotni institutsional barqarorlik va ijtimoiy mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Markaziy Osiyo sharoitida bu yondashuv alohida ahamiyat kasb etadi.
Yaponiya texnologiya va innovatsiyalarining mintaqamizga kirib kelishi avvalo, sanoat modernizatsiyasi va texnologiya transferida namoyon bo‘lmoqda. Yapon kompaniyalari va taraqqiyotga ko‘mak dasturi kabi mexanizmlar orqali amalga oshirilayotgan loyihalar mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, texnologik rivojlantirishga xizmat qilmoqda, deyish mumkin.
Bu jarayonlar mintaqa iqtisodiyotining xomashyoga bog‘liqligini bosqichma-bosqich kamaytirishga va milliy iqtisodiy tizimlarni global qiymat zanjirlariga integratsiya qilishga imkon yaratmoqda.
– Iqlim o‘zgarishi va suv-energetika masalalarida ushbu o‘lka qanday sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda?
– Barqaror rivojlanish va “yashil” innovatsiyalar sohasida Yaponiyaning o‘rni alohida. Markaziy Osiyo ekologik muammolar, suv resurslari va iqlim o‘zgarishi ta’siriga duch kelayotgan mintaqa sifatida kam uglerodli va resurs tejovchi texnologiyalarga ehtiyoj sezmoqda. Yaponiyaning ushbu sohadagi innovatsiyalari modernizatsiyani ekologik xavfsiz yo‘nalishga burish imkonini beradi va iqtisodiy o‘sish bilan ekologik barqarorlik o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Aytish kerakki, Yaponiya iqlim o‘zgarishi va suv-energetika masalalarida ayniqsa, rivojlanayotgan mintaqalar uchun ishonchli strategik sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda. Kunchiqar mamlakat tabiiy ofatlarni prognoz qilish, erta ogohlantirish tizimlari va iqlimga moslashuv texnologiyalari sohasida katta tajribaga ega. Bu tajriba, xususan, qurg‘oqchilik, sel, harorat o‘zgarishlari kuchayotgan mintaqalar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Yaponiya iqlim o‘zgarishini faqat ekologik muammo sifatida emas, balki iqtisodiy xavfsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikka tahdid sifatida ko‘radi va bu boradagi hamkorlikni ham shu kompleks yondashuv asosida qurmoqda. Yaponiya suvni tejash, qayta foydalanish, oqova suvlarni tozalash va raqamli monitoring tizimlari orqali suv xo‘jaligini modernizatsiya qilishda ilg‘or yechimlarni taklif qilmoqda. Bu esa suv–energetika–qishloq xo‘jaligi o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikni (water–energy–food nexus) barqaror boshqarish imkonini yaratadi.
Yana bir gap: Yaponiya hamkor davlatlarga energiya tizimini modernizatsiya qilishda faqat yangi quvvatlar qurishni emas, balki mavjud tizimlarni optimallashtirish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va boshqaruvni raqamlashtirishni taklif etadi. Bu yondashuv energiya xavfsizligini kuchaytirish bilan birga, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga ham xizmat qiladi.
Moliyaviy va institutsional jihatdan Yaponiya iqlim va suv-energetika loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda uzoq muddatli yondashuvni qo‘llaydi. Rasmiy rivojlanish yordami, imtiyozli kreditlar va texnik yordam orqali amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari qisqa muddatli natijalardan ko‘ra, mahalliy kadrlar tayyorlash, milliy institutlarni mustahkamlash va o‘z-o‘zini ta’minlay oladigan tizimlar yaratishga qaratilgan. Bu esa iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda tashqi yordamga doimiy qaramlikni emas, balki ichki salohiyatga tayanishni rag‘batlantiradi. Shu tariqa, Yaponiya iqlim o‘zgarishi va suv-energetika masalalarida o‘zini faqat investor yoki texnologiya yetkazib beruvchi emas, balki bilimga asoslangan, barqaror va uzoq muddatli rivojlanishni ko‘zlagan strategik sherik sifatida namoyon qilmoqda.
– Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiya bilan hamkorlikda yana qanday qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda?
– Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiya bilan hamkorlik orqali faqat iqtisodiy yoki texnologik emas, balki qator geosiyosiy imkoniyatlarga ham ega bo‘lmoqda. Aytish joizki, Yaponiya bilan hamkorlik Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashqi siyosatda muvozanatli ko‘pvektorlilikni chuqurlashtirish imkonini bermoqda. Mintaqa geosiyosiy jihatdan Rossiya, Xitoy va G‘arb manfaatlari kesishgan hudud hisoblanadi. Shu sababli Yaponiya bilan hamkorlik mintaqadagi davlatlarga tashqi sheriklar portfelini diversifikatsiya qilish, strategik mustaqillikni mustahkamlash va haddan tashqari bir markazga bog‘lanib qolish xavfini kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun xalqaro imijni oshiruvchi sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda. Yaponiya yuqori rivojlangan, texnologik va institutsional jihatdan ishonchli davlat sifatida xalqaro maydonda katta obro‘ga ega. U bilan hamkorlik qilish Markaziy Osiyo davlatlarining islohotlarga ochiq, barqaror va mas’uliyatli sherik sifatida qabul qilinishini kuchaytiradi. Bu esa boshqa rivojlangan mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan munosabatlarni kengaytirish uchun ijobiy omil vazifasini o‘taydi. Yaponiya bilan hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlariga “yumshoq kuch” orqali global diplomatik maydonga chiqish imkonini yaratadi. Ta’lim, ilmiy hamkorlik, madaniy almashinuv va kadrlar tayyorlash sohasidagi dasturlar orqali mintaqadagi ekspertlar xalqaro tarmoqlarga integratsiyalashmoqda. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tashabbuslardagi ishtirokini sifat jihatdan kuchaytiradi.
Shu bilan birga, Yaponiya bilan hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlariga Osiyo-Tinch Okeani makonidagi iqtisodiy va institutsional jarayonlarga bilvosita kirish imkonini beradi. Yaponiya orqali mintaqa mamlakatlari global ta’minot zanjirlari, innovatsion standartlar va xalqaro qoidalar bilan yaqinroq tanishib, global iqtisodiyotga integratsiyalashuvni chuqurlashtira oladi.
– Yaponiyaning mintaqadagi “yumshoq kuch”i haqida fikrlaringiz.
– Ta’lim va inson kapitali sohasi Yaponiya “yumshoq kuch”ining eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Yaponiya hukumati tomonidan taqdim etiladigan MEXT stipendiyalari, JICA ta’lim dasturlari va universitetlararo hamkorlik orqali Markaziy Osiyo davlatlaridan minglab talabalar, tadqiqotchilar va davlat xizmatchilari Yaponiyada ta’lim olmoqda va malaka oshirmoqda. Bu jarayonlar nafaqat professional bilim olish, balki yapon ish madaniyati, institutsional intizom va texnologik tajriba orqali mahalliy mutaxassislar ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Yaponiyaning rasmiy rivojlanish yordami loyihalari odatda mahalliy boshqaruv salohiyatini oshirish, qonunchilik va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi. Bu jarayon Yaponiyani faqatgina “donor” emas, balki “hamkor” sifatida qabul qilinishiga olib keladi.
Yana bir muhim jihat, ekologik va barqaror rivojlanish tashabbuslari Yaponiya “yumshoq kuch”ining yangi va tobora ahamiyati oshib borayotgan yo‘nalishidir. Iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va ekologik xavfsizlik masalalarida Yaponiya o‘zini mas’uliyatli va ilmiy asoslangan yechimlar taklif etuvchi global aktor sifatida ko‘rsatmoqda. Bu esa uning mintaqada ishonchli sherik sifatida qabul qilinishini ta’minlaydi.
Yaponiya texnologiya va innovatsiyalari Markaziy Osiyo mamlakatlariga sanoatni diversifikatsiya qilish, infratuzilmani yangilash va energiya hamda resurs samaradorligini oshirish imkonini bermoqda. Bu jarayon iqtisodiy o‘sishni faqat xomashyo eksportiga emas, balki qiymat yaratuvchi ishlab chiqarish va bilimga asoslangan tarmoqlarga tayantirishga xizmat qilmoqda.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi,
O‘zA