Bir raqam sharhi
2025 yil natijalariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Tovar aylanmasi hajmi 106,3 milliard dollarni tashkil qilib, yillik hisobda 12 foiz o‘sdi va tarixda birinchi marta 100 milliard dollardan oshdi.
Bu haqda “Xitoy – Markaziy Osiyo” loyihasini amalga oshirish bosh kotibi Sun Veydun ma’lum qildi va ijobiy dinamika besh yil davomida saqlanib kelayotganini qayd etdi. Shuningdek, Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun birinchi marta eng yirik savdo sherigiga aylandi.

Markaziy Osiyo uchun bu haqiqatan ham muhim natija va uning ortida hukumatlar, biznes, mahalliy ma’muriyatlar va logistika operatorlari, shuningdek, so‘nggi yillarda barpo etilgan hamkorlik tizimi turibdi.
2025 yilda Xitoyning Markaziy Osiyoga eksporti 71,2 milliard dollarga yetdi, yoki 11 foiz o‘sdi. U yuqori texnologiyali tovarlar yetkazib berishning hissasi keskin ortgani bilan bog‘liq. Markaziy Osiyodan Xitoyga import 35,1 milliard dollarni tashkil qilib, u ham 14 foiz ko‘paydi.

Albatta, bunday natijani tom ma’nodagi umumiy iqtisodiy dinamikadan uzib qarab bo‘lmaydi. 2025 yilda Xitoy YAIM 5 foiz o‘sib, rekord – 140,18 trillion yuan (20 trillion dollardan ortiq) darajasiga yetdi. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlari ham dunyodagi eng yuqori o‘sish sur’atlaridan birini namoyish etmoqda: Xalqaro valyuta jamg‘armasi baholashicha, 2026 yilda mintaqaning umumiy YAIM 3,9 foiz o‘sadi, 2027 yilda esa o‘sish sur’ati 4 foizga yetadi.
Davlat rahbarlari darajasida «Bir belbog‘, bir yo‘l» tashabbusini muvofiqlikda amalga oshirish, Xitoy va Markaziy Osiyo yagona taqdir hamjamiyatini shakllantirish barqaror hamkorlik uchun zamin yaratdi. Natijada savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, logistika va transchegaraviy elektron savdo rivojlanmoqda.
E’tiborlisi shundaki, o‘sish nafaqat miqdoriy, balki sifat jihatidan ham ijobiy natija ko‘rsatmoqda. O‘zaro almashuv tovarlari turlari kengaymoqda. Masalan, O‘zbekiston har yili Xitoy bozori uchun yanada ko‘proq miqdorda va turdagi tovar taklif qilmoqda. Xitoy esa texnologik mahsulotlar eksportini kengaytirmoqda.

Mintaqaviy hamkorlikning chuqurlashishi alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston misolida aytish mumkinki, hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Xitoy mintaqalariga xizmat safariga bormagan hududiy ma’muriyat vakillari deyarli qolmagan. Masalan, ayni kunlarda ham Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov boshchiligidagi yigirmadan ziyod tadbirkorlar Xitoyning turli viloyatlarida investitsion shartnomalar tuzmoqdalar. Xitoy viloyatlari hukumatlari, tadbirkorlar va biznes doiralari ham O‘zbekiston viloyatlariga, jumladan, Farg‘onaga muntazam tashrif buyurishmoqda.
Shu bilan birga, keng qamrovli hamkorlik yanada rivojlantirish kerak bo‘lgan nuqtalarni ham ko‘rsatib turibdi. Avvalo, bu o‘zaro almashinuv va biznes uchun infratuzilmani rivojlantirish masalasidir. O‘zbekiston Prezidenti Xitoydan turistik oqimni ko‘paytirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘ymoqda. Haqiqatan ham ko‘rsatkichlar o‘syapti: 2025 yilda Xitoydan 278,9 ming sayyoh mamlakatga tashrif buyurdi. Biroq mehmonxona infratuzilmasi, maxsus turistik yo‘nalishlar, servis va transport logistikasini yanada yaxshilash choralarini ko‘rish lozim.
Shu bilan birga, tovar aylanmasi 100 milliard dollardan oshgani Xitoy va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarini integratsiyalashtiruvchi chuqur jarayonlarni yaqqol namoyon etmoqda. Agar hozirgi dinamika saqlansa, so‘nggi yillarda yaratilgan mexanizmlar amaliyotda yanada boyitiladi va bu hozirgi rekord natija umumiy o‘zgarish yo‘lining navbatdagi muhim bosqichiga aylanadi.
Markaziy Osiyo – Xitoy tovar aylanmasi 100 mlrd.dollardan oshgani umuman Osiyo iqtisodiyotida integratsiyalashuvning nimalarga qodirligini ko‘rsatadi. Va unda O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi kuchini namoyon etdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA