Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Xitoy iqtisodiy hamkorligi kengaymoqda
10:32 / 2023-04-20

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Xitoy” tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas’ul vazirlarning birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati ko‘rib chiqildi. Aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli, jumladan, savdo tartib-taomilini erkinlashtirish va soddalashtirish, investitsiya jalb qilish, ko‘p tomonlama savdo tizimini kengaytirish, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududlar aro sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.

Laziz Qudratov “Markaziy Osiyo – Xitoy” mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini, shuningdek, yuk tashish uzluksizligini ta’minlash va transchegaraviy logistika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha tizimli yechim ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Hududlar aro aloqani chuqurlashtirish bo‘yicha ishni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, biznes hamjamiyati hamkorligini kengaytirish va yangi o‘sish nuqtalarini kashf etish maqsadida joriy yil ikkinchi yarmida O‘zbekistonda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy hududlari rahbarlari forumini o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli savdoni kengaytirish doirasidagi hamkorlikni faollashtirish istiqboli muhokama qilindi. “Raqamlashtirish davrida iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bu jarayonda mintaqa mamlakatlari IT-parklari negizida “Intellektual Ipak yo‘li” qo‘shma platformasini yaratish ko‘zda tutilgan. 

Uchrashuv ishtirokchilari imzolanishi rejalashtirilgan savdo-iqtisodiy bitimlarni takomillashtirish, shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo” doirasida raqamli savdo bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi memorandumlar muvaffaqiyatli kelishilgani qayd etildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli munosabatni yanada kengaytirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

O‘zA