Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Xitoy bojxona xizmatlari rahbarlarining “S5+1” formatidagi uchrashuvi tashkil etildi
12:13 / 2023-10-19

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov “Bir makon – bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi tadbirlarida qatnashdi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi 2016 yilda aynan bizning mamlakatimizda ilgari surilgan va O‘zbekiston tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Ushbu tashabbus transchegaraviy transport logistikasi, energetika va telekommunikatsiya infratuzilmasini makroiqtisodiy jihatdan muvofiqlashtirish, savdo va investitsiya sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni birgalikda kompleks amalga oshirish imkonini beradi.    

“Bir makon, bir yo‘l” — Xitoyning xalqaro tashabbusi bo‘lib, u Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqasida joylashgan 60 dan ortiq mamlakatlarni o‘zaro bog‘lovchi mavjud iqtisodiy yo‘laklarni yanada takomillashtirish hamda yangi transport va savdo yo‘llarini yaratishga qaratilgan. Ushbu hududdagi davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 55 foizini, global energiya zaxiralarining 75 foizini o‘zida jamlagan.    

Xitoyga amaliy tashrifning eng samarali platformasi bu Markaziy Osiyo va Xitoy bojxona xizmatlari rahbarlarining “S5+1” formatida navbatdan tashqari uchrashuvi bo‘ldi. Bunday formatdagi uchrashuv ilk bor o‘tkazildi.    

Uchrashuvda tomonlar “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini samarali amalga oshirishda bojxona organlari zimmasiga yuklanadigan vazifalar va ularni birgalikda amalga oshirishning mexanizmlarini atroflicha muhokama qildi.    

Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasining Xitoy bilan tobora rivojlanib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalari bojxona tartibotlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish va soddalashtirishni taqozo etadi. Shu boisdan tashqi savdo yuklarining transchegaraviy harakatida “Yagona oyna” tamoyilini keng qaror toptirish, xavflarni boshqarish, nointruziv va intellektual kartografik ko‘riklarni amalga oshirish, vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish, huquqni muhofaza qilish hamda o‘zaro ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida hamkorlik ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.  

Bu formatdagi uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, hamkorlikdagi chora-tadbirlarni tezkor va samarali amalga oshirishni rag‘batlantirish zarurligi qayd etildi.    

 

Sh.Mamaturopova,    

O‘zA