Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash davlatlari ilk bor Toshkentda to‘plandi
18:59 / 2025-11-18

Bugun Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da “Markaziy Osiyo – Shimoliy kengash” davlatlari birinchi forumi ish boshladi. Tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari va Shimoliy kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, innovatsiya, ta’lim va samarali davlat boshqaruvi sohalarida tajriba almashish maqsadini ko‘zlagan.

Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiyani birlashtirgan Shimoliy kengash modelini o‘rganishga bag‘ishlangan ushbu format milliy suverenitetni saqlagan holda umumiy mehnat bozori, pasport ittifoqi, energetika, ekologiya va madaniyat sohalaridagi qator qo‘shma dasturlarni o‘zlashtirishga qaratilgan samarali mintaqaviy hamkorlik namunasi sifatida qayd etilmoqda.

– Forum sessiyalari toza energiya va strategik xom ashyo resurslari, Shimoliy integratsiya modelining ahamiyati, ta’lim, inson kapitali va raqamlashtirish kabi muhim mavzularni qamrab olgan, – dedi MOXI yetakchi ilmiy xodimi Ozod Tanboyev. – Shimoliy kengash davlatlarining ayni yo‘nalishdagi tajribasini tatbiq etish nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun foydali.

[gallery-26307]

Diplomatlar, yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari, biznes hamjamiyati ishtirok etayotgan tadbirda Shimoliy investitsiya banki va Shimoliy taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyati ham muhokama qilindi.

– Bunday samarali muloqotlar bizga Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekistondan ko‘p jihatlarni o‘zlashtirish imkonini beradi, – deydi Finlyandiyaning YUNESKO bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi, filologiya fanlari doktori Teyvo Teyvonen. – Zero, Rossiya va Xitoy kabi yirik davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama, asosiysi pragmatik tashqi siyosat olib borish usullari shimolliklar uchun ham juda qiziq.

Forum ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

D. Hakimov, O. Pardayev (surat), O‘zA