Toshkentda Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash davlatlari hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan birinchi “Central Asia – Nordics Think Tank Forum” bo‘lib o‘tdi.
Yevropa shimolida joylashgan davlatlarning integratsion tajribasini o‘rganish, mintaqalar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish va amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan mazkur anjuman doirasida Shimol integratsiya modeli, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyati, barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, ta’lim, inson kapitali va raqamli transformatsiya masalalari muhokama qilindi.
Dasturda Finlyandiya, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya va Yevropa akademik doiralari nufuzli ekspertlari, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan tahlilchilar ishtirok etdi.
[gallery-26321]
Ta’lim, kadrlar tayyorlash va raqamli texnologiya bo‘yicha alohida sessiyalarda Shimoliy mamlakatlar universitetlari hamda Markaziy Osiyo ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘tarildi. Yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yoshlar ta’limi va innovatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-ekspert almashinuvini tizimli asosda davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Qayd etish joiz, Markaziy Osiyo va Shimoliy mamlakatlar o‘rtasida mintaqalararo muloqotning yangi modelini shakllantirishga xizmat qiladigan ushbu forum barqaror rivojlanish va innovatsiya sohasidagi amaliy hamkorlik uchun muhim maydonga aylanishi kutilyapti.
D.Hakimov, N.Haydarov (surat), O‘zA