Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Pokiston: Tarixiy yaqinlikdan strategik sheriklikkacha
16:47 / 2026-02-24

Ma’lumki, Pokiston Islom Respublikasi bugungi kunda Janubiy Osiyoda muhim mintaqaviy kuch sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Qulay jo‘g‘rofiy joylashuvi tufayli bir nechta mintaqalarni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tayotgan mamlakat faol tashqi siyosat yuritib, o‘zgaruvchan global muhitda yanada muhim rol o‘ynashga intilmoqda.

TDSHU tayanch doktoranti Muqaddas Hojimurodova tahlillariga ko‘ra, endilikda Islomobod uchun geosiyosiy va xavfsizlik masalalaridan ko‘ra geoiqtisodiy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda, chunki zamonaviy taraqqiyot jarayonlari davlatlarni xalqaro maydondagi ilg‘or tajriba va rivojlanish modellaridan foydalanib, milliy farovonlikni ta’minlashga undamoqda. Bunday sharoitda global o‘zgarishlardan chetda qolish strategik jihatdan maqsadga muvofiq emas. Shu bois, Pokiston hukumati qator davlat dasturlarini ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishgan.

Xususan, o‘lka hukumati tomonidan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Pokiston Milliy xavfsizlik strategiyasi ishlab chiqilgan edi. Mazkur hujjatda Respublikaning pragmatik va geoiqtisodiy yondashuvga asoslangan siyosat sari yuz tutgani ochiq ifodalangan. Unda Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlik tarixan shakllangan tabiiy jarayon bo‘lgan, biroq mustamlakachilik davrida hududlarni sun’iy ravishda ajratish siyosati natijasida bu aloqalar uzilib qolgan va yangi geosiyosiy sharoitlar yuzaga kelgan. Ikki qutbli dunyo davrida mintaqalararo hamkorlik minimum darajaga tushib, savdo yo‘nalishlari hamda transport yo‘laklari shunga mos ravishda rivojlangan. 

Afg‘onistonda nisbiy barqarorlik shakllanishi bilan mazkur yo‘nalishning strategik imkoniyatlari yana faol muhokama qilina boshlandi. Pokiston uchun Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyoga chiqish transport-logistika tizimini rivojlantirish, yangi yirik bozorlarga kirish hamda investitsiya loyihalarini kengaytirish imkonini beradi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa Pokiston portlariga chiqish nafaqat Janubiy Osiyo, balki Yaqin Sharq bozorlariga ham yo‘l ochadi.

Bugungi kunda Pokiston hukumati “URAAN Pakistan” nomli keng ko‘lamli va uzoq muddatli strategik dastur asosida faoliyat yuritmoqda. Ushbu reja 2047-yilgacha mamlakat iqtisodiyotini 3 trillion dollarlik ko‘rsatkichga yetkazishni maqsad qilgan bo‘lib, asosiy vazifalardan biri Pokistonni yirik eksportchi davlatlar qatoriga olib chiqishdir.

Mazkur maqsadga erishishda avvalo, Markaziy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda “Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori” loyihasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, dastur mamlakatni zamonaviy texnologiyalarga tayangan, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy modelga o‘tkazish orqali mavjud makroiqtisodiy beqarorlikni yumshatishga qaratilgan.

Ma’lumki, 2025-yilning dekabr va 2026-yilning fevral oylarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston yetakchilari Pokistonga davlat tashriflarini amalga oshirdi. Rasmiy Islomobod uchun ushbu tashriflar Markaziy Osiyo bilan aloqalarda savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport-logistika tizimi, investitsiya oqimlari va harbiy sohadagi umumiy manfaatlarga tayangan yangi bosqichni boshlab berdi, deyish mumkin. Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik strategiyasida Pokistonning o‘rni tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayon Afg‘onistonning faol ishtiroki orqali mintaqaning barqaror rivojlanish yo‘liga chiqishiga ham turtki berishi mumkin.

Pokistonning Markaziy Osiyoga qaratilgan siyosatida O‘zbekiston alohida, hatto markaziy o‘rin tutadi. Sababi, yurtimiz bugungi kunda mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri bo‘lishi bilan birga, Markaziy Osiyoning “darvozasi” vazifasini bajaradi. Qolaversa, mintaqadagi eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan o‘lka ham aynan O‘zbekiston bo‘lib, bu Pokiston eksportchilari uchun salmoqli bozor demakdir.

Pokiston rasmiy doiralari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni mintaqaviy integratsiya jarayonlarining “drayveri” sifatida e’tirof etishadi. Shu bois, O‘zbekiston orqali mintaqaning boshqa davlatlariga chiqish Pokiston uchun nisbatan qulay va samarali yo‘l sifatida ko‘rilmoqda.

Bu xulosani ikki tomonlama munosabatlar dinamikasi ham tasdiqlaydi. Xususan, Pokiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida strategik sheriklik munosabatlarini eng avval O‘zbekiston bilan — 2021-yilda yo‘lga qo‘ygan. Taqqoslash uchun, Tojikiston bilan strategik sheriklik 2024-yil 2-iyulda o‘rnatilgan bo‘lsa, Qozog‘iston bilan bunday maqom 2026-yil fevral oyida Qosim-Jomart To‘qayevning Islomobodga tashrifi chog‘ida belgilandi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov esa so‘nggi 20 yil ichidagi ilk rasmiy tashrif bilan Pokistonda bo‘ldi.

Turkmaniston bilan strategik hamkorlikning asosiy poydevori esa “TAPI Gas Pipeline” — Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston gaz quvuri loyihasi hisoblanadi. Ushbu tashabbus mintaqalararo energetik integratsiyaning muhim bo‘g‘ini sifatida ko‘riladi.

Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham mintaqa bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yetakchi o‘rnini ko‘rsatadi. 2025-yil noyabr holatiga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 17 foiz oshib, 434 million dollardan ziyod ko‘rsatkichni qayd etdi. Strategik maqsad — yaqin yillarda bu raqamni 2 milliard dollarga yetkazish. Qozog‘iston bilan savdo aylanmasi ham ikki barobardan ortiq o‘sib, 86 million dollarni tashkil etdi. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni istiqbolda 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Mintaqa va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikda tranzit omili alohida ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yilda Pokiston hududi orqali Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit savdosi hajmi 410 million dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mintaqa mamlakatlarining Gvadar va Karachi portlariga qiziqishi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Diyorimiz Pokiston portlariga chiqish maqsadida O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li loyihasini ilgari surmoqda. Mazkur tashabbus bo‘yicha dastlabki kelishuvlar imzolangan. Joriy yil boshida amalga oshirilgan tashrif doirasida Qozog‘iston rasmiylari Pokistonning oliy darajadagi vakillari bilan “Qozog‘iston–Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston” yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishi istiqbollarini muhokama qildi.

Ushbu tashabbusga ehtiyoj tug‘ilishiga Qirg‘iziston va Xitoy orqali Pokistonga olib boradigan yo‘lning qish mavsumida yopilib qolishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Qozog‘iston mazkur loyihaga 2024-yilda Turkmaniston taklifi bilan qo‘shilgan va 687 kilometrli temir yo‘l qurilishi xarajatlarini to‘liq o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirgan.

Pokistonning Tojikiston bilan aloqalari ham o‘ziga xos xususiyatga ega. Ikki davlatni Afg‘onistondagi vaziyat, xususan, “Tolibon”ga nisbatan pozitsiya yaqinlashtirib turadi. Shu bois mudofaa va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarda muhim o‘rin egallaydi.

Energetika yo‘nalishida esa “CASA-1000” loyihasi markaziy o‘rinda turadi. Mazkur tashabbus Tojikiston va Qirg‘izistondan Pokistonga elektr energiyasi eksportini nazarda tutadi. Loyiha yakuniy bosqichga yaqinlashgan bo‘lib, 2027-yilgacha ilk elektr uzatmalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Islomobodning Turkmaniston bilan munosabatlari avvalo, energiya resurslari, xususan, tabiiy gaz sohasidagi manfaatlar bilan belgilanadi. Ikki davlat hamkorligi yuqori darajadagi tashriflar, shuningdek, BMT, IHT (ECO) va Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bilan mustahkamlanmoqda.

E’tiborli jihati, 2005-yildan buyon yuzaga kelgan tanaffusdan so‘ng, 2025-yil 3–4-dekabr kunlari Qirg‘iz Respublikasi rahbari Sadir Japarov Pokistonga rasmiy tashrif bilan bordi. Muzokaralar davomida savdo, energetika, mudofaa, ta’lim, turizm hamda mintaqaviy integratsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini rivojlantirish, Pokiston portlaridan foydalanish va “CASA-1000” loyihasini jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Umuman olganda, Pokiston o‘zining qulay geosiyosiy joylashuvidan samarali foydalanib, Markaziy Osiyo davlatlariga dengiz portlariga chiqish imkonini taklif etmoqda. Ayni paytda mamlakat mintaqamiz bozorlariga kirish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda energiya resurslarini import qilishdan manfaatdor. Pragmatik yondashuvga asoslangan ushbu hamkorlik kelgusida tomonlar uchun istiqbolli va strategik ahamiyatga ega bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA