Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Oltoy: Asrlarni bog‘lab turgan nozik madaniy rishtalar
08:08 / 2026-02-05

Tarix – turli taqdirlar, turfa madaniyatlar va uzoq o‘lkalar vakillarini kutilmagan manzillarda uchrashtiradigan ulkan chorrahadir. Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan o‘zbek zamini asrlar davomida ana shunday sivilizatsiyalar uchrashuvi markazi bo‘lib kelgan. O‘zbekistondagi kam sonli, ammo o‘ziga xos tarixga ega oltoylarning qismati bunga yaqqol dalildir.

Biz odatda yirik xalqlar tarixiga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Biroq tarixiy haqiqat shundaki, ba’zan kichik bir etnik guruhning taqdiri orqali butun bir davrning madaniy va siyosiy manzarasini anglash mumkin bo‘ladi. 

O‘tmish sahifalarini varaqlaganimizda, xalqimizning davlatchilik tarixi naqadar keng geografik qamrovga ega bo‘lganini ko‘ramiz. Buyuk Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari davrida Samarqand va Hirot nafaqat siyosiy, balki ulkan madaniy markazga aylangan edi. Temuriylar saroyidagi tantanalar shunchaki ziyofat emas, balki o‘z davrining “xalqaro madaniyat ko‘rigi” maqomida bo‘lgan. Temuriylar davrining mashhur muarrixi Hofizi Abru o‘z asarlarida bu haqda qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. U Amir Temurning kenja o‘g‘li, ulug‘ hukmdor Shohrux Mirzo sharafiga uyushtirilgan tantanalardan birini tasvirlaydi.

Hofizi Abruning yozishicha, mazkur ziyofatda dunyoning turli burchaklaridan kelgan san’atkorlar o‘z mahoratlarini namoyish etganlar. Tarixchi o‘z bitiklarida bayram ishtirokchilari bo‘lgan sozandalar va xonandalarning etnik tarkibi xilma-xilligiga alohida urg‘u beradi. Ular orasida fors ohanglari, arab navolari, mo‘g‘ul va xitoy qonun-qoidalari asosida kuylovchilar bilan bir qatorda, “oltoyliklar o‘lchovida” kuy ijro etuvchi san’atkorlar ham bo‘lgan. Bu dalil shuni ko‘rsatadiki, bundan bir necha asr oldin ham hozirgi Oltoy hududi va Markaziy Osiyo o‘rtasida uzviy madaniy aloqalar mavjud edi. O‘zbek davlatchiligi tarixida turkiy xalqlarning o‘zaro yaqinligi va madaniy almashinuvi yuksak darajada qadrlangan.

Oltoy xalqining etnik ildizlari va shakllanish tarixi ham nihoyatda qiziqarlidir. Ular azaldan turkiy tilli ko‘chmanchi qabilalar sifatida shakllangan bo‘lib, asosan chorvachilik va ovchilik bilan shug‘ullanib kelishgan. Tarixiy manbalarda ularning o‘z yozuviga ega bo‘lmagani qayd etiladi, ammo bu ularning boy og‘zaki ijodi va an’analari yo‘q degani emas. XX asr boshlariga kelib, Tog‘li Oltoy hududida bu elatning millat sifatida jipslashuv jarayoni kuchaydi. Qiziqarli jihati shundaki, 1922 yildan 1948 yilgacha bo‘lgan davrda ular rasmiy hujjatlarda “oyrotlar” deb ham yuritilgan. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining Oltoy Respublikasida istiqomat qiluvchi bu xalq o‘z tarkibida telengitlar, teleslar, teleutlar, tubalorlar, chelkanlar va qumandinlar kabi bir qancha etnografik guruhlarni birlashtiradi.

O‘zbek etnograf olimlarining tadqiqotlari ikki xalq o‘rtasidagi o‘xshashliklar shunchaki tasodif emasligini tasdiqlaydi. Xususan, XVIII–XIX asrlarda Markaziy Osiyoning tub xalqlari va oltoylarning kiyinish madaniyatida hayratlanarli darajada yaqin o‘xshashliklar mavjudligi aniqlangan. Bu o‘xshashliklar nafaqat mato yoki bezakda, balki kiyimning bichimi va konstruksiyasida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu holat ikki mintaqa aholisining turmush tarzi, iqlim sharoitiga moslashuvi va estetik qarashlarining mushtarakligidan dalolat beradi. Asrlar davomida Oltoyning janubiy hududlarida yashovchi ko‘chmanchi xalqlar Markaziy Osiyo bilan mustahkam xo‘jalik va madaniy aloqalarni saqlab kelgan.

O‘tgan asr davomida O‘zbekistonda istiqomat qilgan oltoylarning soni turli davrlarda o‘zgarib turgan. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da qayd etilishicha, 1979 yilda yurtimizda 125 nafar, 1989 yilda esa 191 nafar oltoy millatiga mansub fuqarolar yashagan. Ularning mamlakatimiz bo‘ylab tarqoq holda joylashgani sababli, ushbu kichik etnik guruhning aynan O‘zbekistonni doimiy yashash joyi sifatida tanlashining aniq sabablarini to‘liq aniqlash hozircha murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Ehtimol, bu taqdir taqozosi, balki tarixiy xotiraning chorlovi bo‘lishi mumkin. Ammo muhimi shundaki, ular bag‘rikeng o‘zbek zaminida o‘zlariga boshpana va vatan topdilar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, tarix – bu faqat o‘tmishdagi voqealar yig‘indisi emas, balki bugungi kunimizni anglash kalitidir. O‘zbekiston hududida turli millat va elat vakillarining, jumladan, oltoylarning istiqomat qilishi xalqimizning azaliy bag‘rikengligi va mehmondo‘stligidan dalolat beradi. Temuriylar davridan boshlab to bugungi kungacha davom etib kelayotgan bu madaniy aloqalar bizga bir haqiqatni eslatadi: ildizlarimiz tutash, tariximiz esa biz o‘ylagandan ko‘ra ancha boy va rang-barangdir. Bu kabi tarixiy rishtalarni o‘rganish va asrab-avaylash bizga o‘zligimizni chuqurroq anglashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan madaniy merosdan faxrlanish tuyg‘usini qalbimizda yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA