French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Koreya: strategik sheriklik mustahkamlanmoqda
20:36 / 2025-12-16

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

“Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi nufuzli anjumanda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Sik, Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov, Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi Namoyandagon Raisi o‘rinbosari Aziz Kodir Giyozoda, Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mazkur uchrashuv Markaziy Osiyo mintaqasida shakllanib borayotgan yangi siyosiy dinamika, parlamentlararo ishonch va muloqotning mustahkamlanishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida oliy darajadagi muloqotlar tizimli tus olib, mintaqaning jahon maydonidagi o‘rni mustahkamlanib borayotgani, parlamentlararo hamkorlik esa bu jarayonning muhim poydevori sifatida shakllanayotgani qayd etildi.

[gallery-26770]

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan delegatsiya rahbarlari muntazam davom etayotgan uchrashuvlarining ahamiyatini ta’kidlab, mazkur format Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasini bog‘laydigan muhim muloqot maydoniga aylanganiga e’tibor qaratdi.

– Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi xalqlarini o‘xshash tarixiy an’analar, umumiy qadriyatlar, tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishga intilish birlashtiradi, – dedi T.Norboyeva. – Bu esa hamkorligimizni yanada mustahkamlash uchun mustahkam poydevor yaratadi. 2023 yilda "Markaziy Osiyo + Koreya" parlamentlararo formatining tashkil etilgani ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Parlamentlararo va hukumatlararo muloqotning izchil rivojlanishi, hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun muhim maydonga aylandi. Shu o‘rinda davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi” formatidagi birinchi sammiti 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilganini ta’kidlash muhim. Ishonchimiz komilki, bo‘lajak sammit hamkorligimiz rivojlanishida yangi bosqichni boshlab beradi. Strategik sheriklik mustahkamlanishi va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Sik insoniyat uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash, barqarorlikni ta’minlash bugungi kunda juda dolzarbligini ta’kidladi. Bu borada mamlakatlar birdamligi juda muhim. Sir emaski, urushlar, yuzaga kelayotgan inqirozli holatlarga juda katta mablag‘ sarf etilmoqda. Vaholanki, bu pullar tinchlikka, ta’limga sarflanishi ham mumkin edi. Agar shunday bo‘lganida dunyo bo‘ylab ijtimoiy adolat o‘rnatilgan, aholining sof atrof-muhitga bo‘lgan huquqlari himoyalangan, inson qadr-qimmati amalda ta’minlangan bo‘lar edi. Ana shunday maqsad yo‘lida biz hamkorlikni kengaytirib borishimiz zarur. Global hamkorlikni yo‘lga  qo‘ysak, ko‘zlagan maqsadlarimiz amalga oshadi.

Yig‘ilish doirasida “Iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoat: mintaqa davlatlarining farovonligi yo‘llari” mavzusida sessiyada ikki mintaqa o‘rtasida amalga oshirilgan yirik qo‘shma loyihalar, kengayib borayotgan sheriklik va mustahkamlanib borayotgan o‘zaro ishonch e’tirof etildi. 

Sessiya yakunida iqtisodiy hamkorlikni strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirish, qo‘shma texnologiyalar va sanoat klasterlarini shakllantirish, shuningdek, raqamli integratsiya hamda yashil iqtisodiyot bo‘yicha loyihalarni yaqin istiqbolda amalga oshirishga kelishib olindi.

«Barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish: ekologik tashabbuslarni amalga oshirishni ta’minlashda parlamentlar roli» mavzusidagi sessiyada parlamentlarning ekologik tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdagi o‘rni, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qonun chiqaruvchi organlarning mas’uliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanish sohasida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishi doirasida “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Janubiy Koreya parlamentlarining axborot-tahliliy ta’minoti: tajriba va istiqbolli tendensiyalar” mavzusidagi davra suhbatida raqamli o‘zgarishlar sharoitida qonun ijodkorligi va nazorat jarayonlari samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Qonunchilik sifatini oshirish, shuningdek, mintaqada parlamentlararo va ekspertlararo hamkorlikni mustahkamlashning asosiy omillari sifatida parlamentlarning ilmiy-tahliliy ta’minotini tizimli rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhimligi qayd etildi.

Nufuzli anjuman davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining birgalikdagi sessiya uchrashuvlari, parlamentlar rahbarlarining alohida ikki tomonlama uchrashuvlari, parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari a’zolarining uchrashuvlari, parlamentlarning aql markazlari va ilmiy doiralari ishtirokida qonunchilik sohasidagi ilg‘or tajribalar muhokama etildi. 

Barqaror rivojlanish maqsadlarini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyalarining qo‘shma majlislari o‘tkazildi. Mamlakatimizdagi milliy-madaniy markazlar ishtirokida Markaziy Osiyo va Koreya xalqlari madaniyati kechasi tashkil etildi.

Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari o‘rtasidagi kelishuvlar hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlariga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/BaYCNT_LAq0?si=Z5VB7gSroISADVbs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova,

Nosirjon Haydarov (surat),

Doniyor Yoqubov (video),

        Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), 

O‘zA