Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo va Koreya: raqamli integratsiya hamda yashil iqtisodiyot bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi
15:17 / 2025-12-16

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi doirasida “Iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoat: mintaqa davlatlarining farovonligi yo‘llari” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.

Unda mintaqaviy iqtisodiy aloqalarning so‘nggi yillardagi o‘sishiga e’tibor qaratildi. Ikki mintaqa o‘rtasida amalga oshirilgan yirik qo‘shma loyihalar, kengayib borayotgan sheriklik va mustahkamlanib borayotgan o‘zaro ishonch e’tirof etildi.  

Sessiya mobaynida uzoq muddatli, barqaror va strategik iqtisodiy hamkorlikka yo‘naltirilgan tizimli yondashuvni shakllantirishga e’tibor qaratildi.

Parlament a’zolari investitsiyalarni rag‘batlantirish va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish mexanizmlarini takomillashtirish, raqamli transformatsiyani qo‘shma sa’y-harakatlar bilan rivojlantirish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash uchun zarur qonunchilik bazasini shakllantirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklikning amaliy natijalari, savdo-iqtisodiy aloqalarning barqarorligi, qo‘shma korxonalar va investitsiya loyihalarining rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.

Ishtirokchilarning sessiyadagi chiqishlarida raqamli iqtisodiyot, sanoat, energiya, transport, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalarida kelgusida hamkorlikni kengaytirish masalalariga urg‘u berildi.

Sessiya yakunida iqtisodiy hamkorlikni strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirish, qo‘shma texnologiyalar va sanoat klasterlarini shakllantirish, shuningdek, raqamli integratsiya hamda yashil iqtisodiyot bo‘yicha loyihalarni yaqin istiqbolda amalga oshirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA