Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi yakunlandi.
“Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi nufuzli anjuman doirasida yalpi majlis va sessiyalar tashkil etildi.

Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik va raqamli transformatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha fikrlar bildirilib, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion yechimlarni joriy etish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.

Ekologiya va «yashil» siyosat masalalarida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik qonunchilikni takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar gender tenglik, yoshlar siyosati, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish taklifini bildirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlari uchinchi yig‘ilishining Qo‘shma deklaratsiyasi ham qabul qilindi.
Kelgusida parlament diplomatiyasini kuchaytirish, qonunchilik bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan almashish va muloqot maydonlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining navbatdagi – IV yig‘ilishi 2026 yilda Qozog‘iston Respublikasida o‘tkaziladi.
Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA