Toshkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining “Inson qadr-qimmati, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusida uchinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Yuzdan ziyod parlament rahbarlari va a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari, diplomatik korpus vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig‘ilish doirasida “Milliy meros” nomli xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi hamda respublika milliy-madaniy markazlarining badiiy ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Tadbir doirasida iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoatni rivojlantirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda parlamentlarning o‘rni masalalari muhokama qilindi. Parlamentlar tahliliy markazlari va ilmiy doiralari vakillarining parlament faoliyatini ilmiy-tahliliy jihatdan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasida Senat Raisi, Qonunchilik palatasi Spikerining parlament rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazildi.

Yalpi majlisda parlamentlararo hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari raislari uchinchi yig‘ilishining qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.
Xususan, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya, gender tenglik va inson huquqlarini ilgari surish, ta’lim, fan, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlikni faollashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Raisi U Von Sik O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiyasini tarixiy ahamiyatga ega voqea sifatida baholadi.
O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasida mintaqada yetakchi o‘rin egallayotgani alohida ta’kidlandi. Mamlakatda 5 million mutaxassisni sun’iy intellekt sohasida tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli dastur amalga oshirilayotgani qayd etilib, bu O‘zbekistonning strategik qarashlarini aks ettirishi va Markaziy Osiyoda zamonaviy texnologiyalarga barqaror talabni shakllantirayotganiga e’tibor qaratildi.
Muhokama davomida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish masalalari dolzarbligi qayd etildi.
Delegatsiyalar Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur yig‘ilish o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning samarali maydoniga aylangani ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA