Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan xorijiy davlatlar va Koreya Respublikasi parlament a’zolari Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi yirik tarixiy-ma’rifiy majmua bo‘lib, uning faoliyati islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish va jahon hamjamiyatiga namoyon etishga qaratilgan.

Mehmonlar “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyalari bilan tanishdi.
Parlament a’zolariga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutafakkirlarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab berildi.

Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar kabi tarixiy davrlarga oid noyob qo‘lyozmalar, osori-atiqalar va manbalar namoyish etildi.
N.Abduraimova, O‘zA