Yaqinda Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan B5+1 forumida mamlakatimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi.
Xususan, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mazkur yig‘inda Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning pragmatik kun tartibi haqida nutq so‘zladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu konferensiyada asosiy e’tibor deklaratsiyalarga emas, balki real savdo, texnologiyalar va amaliy shartnomalarga qaratilgan. Qo‘shma Shtatlar allaqachon O‘zbekiston uchun yuqori texnologiyali mahsulotlarning muhim yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Jumladan, “Boeing” kompaniyasidan aviatsiya texnikasi va xizmatlari, shuningdek, avtomobil texnologiyalari, suvni tejovchi yechimlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, paxta sanoati uchun uskunalar, sanoat jihozlari, kimyo mahsulotlari hamda raqamli tizimlar xarid qilinmoqda.

Tadbirda kritik qazilmalar masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Mintaqa ularni qayta ishlashni rivojlantirish va global yetkazib berish zanjirlariga integratsiyalashishga tayyor ekani qayd etildi.

“Aqlli” qishloq xo‘jaligidan tortib sanoatni avtomatlashtirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda texnologiya va standartlar transferining ahamiyati ta’kidlandi. Bu esa o‘lkamizga ilg‘or texnologiyalardan foydalanish imkonini beradi, sanoat modernizatsiyasini jadallashtiradi hamda mamlakatning global qiymat zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlaydi.
G.Sattorova, O‘zA