2025 yil Markaziy Osiyo mintaqasi uchun siyosiy hamjihatlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatga tayanadigan yangi bosqich shakllanayotganini yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekistonning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi raisligi jarayoni mintaqani mustaqil geosiyosiy sub’ekt sifatida qaror toptirishga qaratilgan strategik harakat sifatida namoyon bo‘ldi. Ekspert Sayfiddin Jo‘rayev O‘zA muxbiriga ta’kidlaganidek, Toshkent sammiti Markaziy Osiyoning ichki birdamlik, tashqi dunyo bilan muloqot madaniyati va umumiy kelajak uchun mas’uliyatni birgalikda zimmasiga olishga tayyorligini ochiq ifoda etdi.
Ozarbayjon Respublikasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari ishtirok etgan anjumanda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ushbu strategik qaror mushtarak tarix, qardoshlik rishtasi, ma’naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog‘langan xalqlarimiz manfaatiga to‘liq javob beradi. Shuningdek, Maslahat uchrashuvlariga kuchli shiddat berib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, barqaror taraqqiyot yo‘lida hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqish uchun yangi ufqlar ochadi.
Davlatimiz rahbari o‘z tahlilida keyingi yillarda mintaqada kechayotgan integratsiya jarayonidagi ochiq muloqot va umumiy faol sa’y-harakat tufayli ko‘plab dolzarb mintaqaviy muammolarga samarali yechim topilganini ta’kidladi.
Birinchidan, hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi: chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, faol savdo-investitsiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoit yaratildi.
Ikkinchidan, mintaqaning jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashuvi kuzatilmoqda. Jumladan, investitsiyaviy jozibadorlik oshmoqda, uchinchi bozorlarga eksport imkoniyati kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘smoqda.
Uchinchidan, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
To‘rtinchidan, mintaqaning xalqaro munosabatlar sub’ekti sifatidagi mavqei mustahkamlanib, global masalalardagi o‘rni mustahkamlanmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi munosabatlar rivojlanmoqda, mintaqa nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozitsiya bilan maydonga chiqmoqda. Formatga Ozarbayjon qo‘shilishi bilan mintaqaning jahon hamjamiyatidagi ovozi yanada baland yangrashi shubhasiz.
Sammit doirasidagi tadbirlar yuqori xalqaro standart darajasida o‘tkazildi. Mintaqaviy sheriklikning institutsional asosi va mexanizmi tizimli ravishda mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, O‘zbekiston raisligi davrida 20 dan ortiq yirik tadbir muvaffaqiyatli tashkil qilindi. Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Hududlararo hamkorlik forumi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ilk bor mudofaa idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, shuningdek geologiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va madaniyat vazirlari yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari urg‘u berganidek, murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro siyosiy jarayonlar sharoitida mintaqa mamlakatlarining hamjihatligi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Shavkat Mirziyoyev, an’anaga muvofiq, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Institutsional takomillashish
Mintaqaviy muloqotning maslahatlashuv shaklini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish, Maslahat uchrashuvlari nizomini ishlab chiqish, navbatma-navbat ishlaydigan Kotibiyatni ta’sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarish, Oqsoqollar kengashini tuzish.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, soliq va bojxona tartib-taomilini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish, ko‘rsatib o‘tilgan barcha masalalarni qamrab oladigan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035 yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur qabul qilish.
Umumiy investitsiya makoni to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilish, sohaga yondashuvni uyg‘unlashtirish, virtual savdo maydonchasi va ishonchli raqamli to‘lov tizimini yaratishga qaratilgan elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish.
Infratuzilma va transport logistikasi
Mintaqaning yuqori texnologik infratuzilmasi va transport-logistika salohiyatini birgalikda rivojlantirish, elektr stansiyalari va uzatish tarmog‘i, avtomobil va temir yo‘llar, chegara orqali o‘tkazish manzillari, “yashil yo‘laklar”, optik-tolali tizim va boshqa ob’ektlarni qurish, mavjudlarini takomillashtirish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega umummintaqaviy loyihalar amalga oshirish uchun sa’y-harakatni birlashtirish.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on transport yo‘lagi qurilishiga mintaqalararo transport zanjirining ustuvor loyihalari sifatida qarash. Hududni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yo‘nalishi keng imkoniyatga ega. Ayni yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish.
Xavfsiz va barqaror rivojlanish
Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan sammitda qabul qilinayotgan hujjatlar – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Tahdidlar va xatarlar katalogini yuqori baholash.
Afg‘onistondagi vaziyatning xavfsizlikka ta’sirini hisobga olgan holda va butun mintaqa barqaror rivojlanishi uchun ushbu mamlakatni mintaqaviy infratuzilma, energetika hamda transport loyihalariga integratsiya qilish, “Farg‘ona tinchlik forumi”ni an’anaga aylantirish.
Ekologiya, iqlim, suv resurslari masalalari
Markaziy Osiyoning “yashil” taraqqiyot konsepsiyasini tez fursatda qabul qilish muhimligi inobatga olinib, 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish, qo‘shni Afg‘onistonni Amudaryo havzasi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga faol jalb qilish.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida suv xo‘jaligi sohasidagi mintaqaviy vakolatlar markazini tashkil etish.
2026 yil O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan suvni tejash bo‘yicha Jahon forumida faol ishtirok etish.
Islom sivilizatsiyasi markazini yoshlarning jozibador ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy maskaniga aylantirish, sammit arafasida Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan Ma’naviy meros va ma’rifat masalalari bo‘yicha xalqaro kongressni muntazam o‘tkazib borish.
Markaziy Osiyoning atoqli olim va mutafakkirlarining global ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish.
Shuningdek, Ilmiy-ta’lim kooperatsiyasi doirasida davlatlararo loyihalarni moliyalashtirish, akademik hamjamiyatni rag‘batlantirish va sun’iy intellekt texnologiyasini joriy qilish imkoniyatini kengaytirish uchun Ilmiy tadqiqotlar fondini tashkil etish masalasi ko‘tarildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari yettinchi Maslahat uchrashuvi yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Sammitda Prezidentlar quyidagi muhim hujjatlarni qabul qildilar:
Qirg‘iz Respublikasining 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashi muvaqqat a’zoligiga nomzodligi yuzasidan BMTga a’zo davlatlarga murojaat;
Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror;
Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi;
Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlar katalogi va tahdidlarning oldini olish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan choralar.
Geosiyosiy ziddiyat chuqurlashib, global institutlar transformatsiyasi, resurslar va bozorlar uchun raqobat kuchayib borayotgan sharoitda ushbu tadbir va shu vaqtgacha O‘zbekistonda o‘tgan sammitlar yuqori darajada tashkil etilishi, ko‘p qirrali muloqot olib borilishi, ayniqsa Maslahat uchrashuviga O‘zbekiston raislik qilgani va anjumanda samarali natijalarga erishilgani nafaqat mintaqa, balki xalqaro miqyosda beqiyos ahamiyat kasb etdi.
Toshkentda o‘tkazilgan sammit mintaqa davlatlari yanada yaqin hamkorlikka, mintaqa manfaati yo‘lida harakatlarni muvofiqlashtirish va kun tartibi bo‘yicha mas’uliyatli hamda samarali kelishuvlarga erishishga tayyorligini amalda namoyon qildi. Muhokama qilingan mavzular boshlangan harakatlarni izchil davom ettirish zaruratini tasdiqladi.
Umuman, 2025 yil O‘zbekiston tarixida mamlakatning tashqi siyosiy pozitsiyasiga strategik ta’sir ko‘rsatgan voqealar bilan esda qolishi shubhasiz. Mamlakatimiz xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamladi, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, fuqarolar farovonligini yaxshilash uchun diplomatik shart-sharoitlar sezilarli darajada yaxshilandi.
Xulosa qilib aytganda, mintaqamiz jahon siyosatining yaxlit, to‘laqonli sub’ektiga aylangani namoyon bo‘ldi. Zero, global maydonda xalqaro hamjamiyatning e’tibori tobora ortayotgan Markaziy Osiyoga nisbatan munosabat keskin ijobiy tomonga o‘zgargani shundan dalolat.
Musulmon Ziyo tayyorladi. O‘zA