Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Turkmanistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Majlisda elchixonalar o‘z faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ni ijro etish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirayotgani qayd etildi.

Investitsiyalarni jalb qilish, milliy mahsulotlar eksportini oshirish, xorijiy turistlarning mamlakatimizga qiziqishini oshirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish kabi yo‘nalishlarda ham samarali faoliyat olib borilmoqda.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyo tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, sheriklik va barqaror taraqqiyot mintaqasiga aylangani ta’kidlandi. Xususan, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani yanada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini hayotga tatbiq qilish muhimligiga alohida e’tibor berildi.

Eshituvda qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini, savdo-iqtisodiy, kooperatsiya, transport-logistika, turizm, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, parlamentlararo hamkorlik va xalq diplomatiyasi, hududlararo hamkorlik, ayniqsa, chegaradosh viloyatlar hamda tumanlarning iqtisodiy va madaniy hamkorligi, shuningdek, hududlarning mahalliy kengashlari o‘rtasida aloqalarni yanada faollashtirish lozimligi qayd etildi.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA