Qozog‘istonning Almati shahrida “Women and Girls Empowered” (WAGE) konsorsiumi tomonidan AQSH Savdo vazirligi Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo mamlakatlarida ayollar tadbirkorligi” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlarida ayollar tadbirkorligi Milliy kun tartibini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or amaliyotni o‘rganish, tajriba almashish, mintaqada ayollar biznes hamjamiyati bilan davlat o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondan davlat idoralari, ayollar biznes hamjamiyati, universitet, tahliliy markazlar, xalqaro tashkilotlar va boshqa turli manfaatdor tomonlar vakillari, ekspertlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizdan 21 nafar mutaxassis faol qatnashdi.
“WAGE” dasturi milliy koordinatori Malika Muqimova shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr odamlardan zamon bilan hamnafas bo‘lish, tengma-teng qadam tashlash uchun muttasil izlanish, o‘qib-o‘rganishni talab etayotganiga urg‘u berdi. Yurtimizda asl tadbirkor ayollar o‘z ishbilarmonligi bilan nafaqat o‘zlarining, balki el-ulus farovonligi yo‘lida ham xizmat qilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Ikki kun davom etgan konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq, qulay imkoniyat yaratish, jamiyat va davlat ishini boshqarishda ayollarning samarali ishtirokini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani xususida to‘xtaldi.
“Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv iqtisodiyot bo‘yicha Davlatlar strategiyasi va dasturlari” nomli ikkinchi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova hamda Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva respublikamizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonovning muayyan takliflari ham ishtirokchilarda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman yakunida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston “WAGE” Koalitsiyalari hamda Turkmaniston tadbirkor ayollari o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari tashrif doirasida davlat idoralari vakillari, ayollar biznes hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etdi. Muloqotlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif, tavsiyalar ishlab chiqildi.
M.Komilova,
O‘zA