Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Sammit davomida iqtisodiy integratsiya, savdo-logistika, transport, xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalari batafsil muhokama qilinib, mintaqa kelajagi uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat va bojxona tizimining iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishdagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Yaqinda “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida muhtaram Prezidentimiz Markaziy Osiyo mintaqasi yangi tarixiy bosqichga kirib kelayotgani, davlatlar o‘rtasida chinakam birdamlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti shakllanayotganini alohida ta’kidlagan edi. Ko‘p yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan chegara masalalari to‘liq hal etilgani ushbu birdamlikning amaliy ifodasi bo‘lib, bir paytlar ellarni ajratib turgan chiziqlar bugun mintaqani bog‘lovchi do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylanmoqda.
Anjuman doirasida savdo jarayonini soddalashtirish, bojxona tartib-taomilini takomillashtirish, chegara-o‘tkazish manzillarida zamonaviy infratuzilma yaratish, raqamli bojxona amaliyotini keng joriy etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Yangi qo‘shma logistika loyihalari amalga oshirish, multimodal tashish imkoniyatini kengaytirish va “raqamli yo‘l xaritalari”ni shakllantirish mintaqa integratsiyasini chuqurlashtirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, tovarlarni chegara orqali o‘tkazishni yengillashtirish, soliq-bojxona imtiyozini o‘zaro muvofiqlashtirish, biznes uchun qulay, barqaror sharoit yaratish masalalari ham kun tartibining muhim qismiga aylandi. Davlatlar o‘rtasidagi bunday yaqin hamkorlik tashqi savdo oqimini tezlashtirish, transport-logistika xarajatini qisqartirish va mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Mazkur sammit natijalari Markaziy Osiyoda bojxona tizimi tubdan modernizatsiya qilinishi, savdo aloqalari keskin faollashuvi va iqtisodiy integratsiya jarayoni yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat. Bu esa mintaqa davlatlari uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ega ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik misoli sifatida O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatida ham jadal o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. Xususan, Qozog‘iston bilan o‘zaro savdo 15 foiz o‘sib, 4 milliard dollarga yetdi, 2030 yilgacha ayni ko‘rsatkich 10 milliard dollarga yetishi kutilyapti. “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi markazi ochilishi va 1,3 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilishi ham sheriklikni yangi bosqichga ko‘taradi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon aloqalarida ham savdo hajmi 15 foiz oshib, avtomobilsozlik, energetika va turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalar faollashdi.
Qirg‘iziston va Tojikiston bilan hamkorlik doirasida o‘zaro savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va infratuzilma sohalaridagi loyihalarni jadallashtirish ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda.
Turkmaniston bilan strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, suv-energetika, transport, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari oliy darajada muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda chegara infratuzilmasi yangilanishi, transport yo‘llari diversifikatsiya qilinishi, raqamli bojxona platformalari joriy etilishi hamda ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar mintaqadagi ulkan tashqi iqtisodiy salohiyatni yana bir bor namoyon etdi.
Shunga qaramay, texnik reglamentni muvofiqlashtirish, logistika xarajatini qisqartirish va noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurashish kabi vazifalar hamon dolzarbligini saqlab turibdi.
Toshkentdagi yettinchi Maslahat uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar bojxona amaliyotini raqamlashtirish, savdo jarayonini shaffoflashtirish va erkin iqtisodiy hududlardagi hamkorlikni kengaytirish orqali Markaziy Osiyoni jahon iqtisodiy xaritasida muhim logistika va savdo markaziga aylantirishga xizmat qilibgina qolmay, mintaqaning barqaror rivojlanishi va iqtisodiy integratsiyasida yangi bosqichni boshlab berishi shubhasizdir.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimizning quyidagi fikrlari Markaziy Osiyo oldida turgan ulkan mas’uliyat va imkoniyatlarni yaqqol ifodalaydi:
– Bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu tarixiy sur’atni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhimdir.
Rahmonqul Shoimqulov,
Tashqi iqtisodiy faoliyat
ilmiy markazi yetakchi ilmiy xodimi
O‘zA