Bugun O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitidagi muhim tashabbuslari xususida so‘z bordi. Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida Rossiya bilan munosabatlar muhim va ustuvor strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, davlatlar o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar hamkorlikning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Prezidentimiz tovar ayirboshlash hajmini oshirish, bozorlarga kirish imkoniyatlarini yengillashtirish va transport logistikasini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqdi. Xususan, “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi” loyihasini amalga oshirish, shuningdek, “Shimol – Janub” yo‘lagidan samarali foydalanish taklif etildi.
Deputatlar sammit doirasida ilgari surilgan taklif-tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi bir qator qonun loyihalari muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA