Bugungi kunda dunyodagi geosiyosiy muvozanat qalqib turar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi aloqalarda o‘ziga xos yondashuvni tanlagan. Bu jarayonda Rossiya bilan munosabat alohida o‘rin tutadi. Iqtisodiy aloqalar, transport-logistika yo‘nalishlari, energetika, mehnat migratsiyasi va xavfsizlikka oid masalalar – ikki tomonlama muloqotning doimiy kun tartibiga aylangan.
Ma’lumki, shu kunlarda Tojikistonning Dushanbe shahri “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammit va MDH davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda. Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va infratuzilma yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan.
O‘zA muxbiri “Dunyoga nazar” tahliliy dasturi orqali siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Obidjon Abdurahmonovning ushbu muhim yig‘in xususidagi fikri bilan qiziqdi.

– Ma’lumki, Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa Ittifoqi, Xitoy, AQSH kabi dunyoning yetakchi davlat, mintaqalari bilan alohida shaklda – C5+ formati doirasida hamkorlik qiladi. Ya’ni, shunday platformalar doirasida savdo-iqtisodiy, gumanitar, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida intilib keladi.
Navbatdagi Markaziy Osiyo – Rossiya sammitida xavfsizlik va iqtisodiy masalalar bilan birga bugungi kunda global tinchlikka tahdid solayotgan turli mavzular ham muhokama markazida bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Ma’lumki, hozir RF va Markaziy Osiyo o‘rtasida iqtisodiy aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, energetika, xavfsizlik sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlash nafaqat Rossiya, balki mintaqamiz davlatlari uchun ham ahamiyatli. Binobarin, har qanday yo‘nalishdagi sheriklik umumiy barqaror rivojlanish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va yagona xavfsizlik tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ko‘rsatuvning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oejayl4Oabo" title="Markaziy Osiyo - Rossiya: munosabatlarning muhim davri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov, Anvarxo‘ja Ahmedov (videomuhandis), O‘zA