English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo – Rossiya: Mintaqavaiy hamkorlikning yangi bosqichi
23:03 / 2025-10-09

Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi format – Markaziy Osiyo+Rossiya doirasida izchil rivojlanmoqda. Mazkur forum davlat rahbarlari, vazirlar va ishbilarmon doiralarni birlashtirib, mintaqaviy hamkorlik uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Navbatdagi anjumanga Tojikistonning Dushunbe shahri mezbonlik qilmoqda.

Formatning shakllanishi

Markaziy Osiyo+Rossiya formatining dastlabki yuqori darajadagi yig‘ilishi 2022 yil 14 oktyabrda Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Sammitda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mavjud geosiyosiy vaziyatda, jumladan oziq-ovqat, xom ashyo va logistika narxi oshishi sharoitida umumiy savdo-iqtisodiy va boshqa manfaatlarni himoya qilish masalalari ko‘tarildi.

Minsk uchrashuvi

2024 yil 12-13 aprel kunlari Belarusning Minsk shahrida Tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda mintaqadagi siyosiy muloqot mexanizmini takomillashtirishga e’tibor qaratilib, RF bilan sheriklik yo‘nalishlari belgilab olindi. Shuningdek, xavfsizlik, iqtisodiyot, transport va energetika sohalari bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. “Yashil energiya”, suv resurslari va ekologiyaga oid tashabbuslar kun tartibida alohida o‘rin tutdi. O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya TIV delegatsiyalari birgalikda ko‘p tomonlama hamkorlik, xususan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir takliflarni ko‘rib chiqdi.

Minskdagi asosiy yo‘nalishlar

Xavfsizlik va siyosiy muloqot – Afg‘oniston va Suriyadagi vaziyat hamda mintaqa barqarorligi masalasi muhokama qilindi.

Transport va logistika – yangi tranzit yo‘laklar, xususan “Shimol – Janub” va “Trans-Afg‘on” yo‘nalishi muhokama qilindi.

Ekologiya va suv resurslari – mintaqada suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi oqibatiga qarshi choralar belgilab olindi.

Energetika va investitsiya – neft-gaz, atom energetikasi va qazib chiqarish sohalarida ko‘shma loyihalarga e’tibor qaratildi.

2024 yil 27 may kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida energetika va investitsiya sohalarida muhim hujjatlar imzolandi. “Rosatom” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Qozog‘iston ham ilk bor AES qurish uchun hamkor sifatida “Rosatom”ni tanladi.

Mutaxasisslar fikricha, “Markaziy Osiyo+Rossiya” formati RF uchun mintaqada strategik diplomatik kanal vazifasini bajaradi. Shu bilan birga Markaziy Osiyo uchun tashqi siyosatda muvozanatni saqlash, iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish hamda transmilliy loyihalarda faol ishtirok etish imkonini yaratadi.

Minsk uchrashuvi va avvalgi forumlardan farqli o‘laroq, endilikda mazkur format nafaqat siyosiy muloqot maydoni, balki barqaror taraqqiyot va mintaqaviy integratsiya uchun muhim mexanizmga aylanib bormoqda.

Dishod Hakimov, O‘zA