Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi soha rivojiga xizmat qiladi
Joriy yilning 27-29-sentyabr kunlari Oʻzbekistonda “Markaziy Osiyoda jahon radioonkologiya sohasidagi yutuqlarni oʻzlashtirish tajribasi va istiqbollari“ mavzuida II Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning 27-29-sentyabr kunlari Oʻzbekistonda “Markaziy Osiyoda jahon radioonkologiya sohasidagi yutuqlarni oʻzlashtirish tajribasi va istiqbollari“ mavzuida II Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions GmbH“ kompaniyasi, uning Toshkentdagi “OPASCA GOS Central Asia” shuʼba kompaniyasi, “Progressive medical service“ kompaniyasi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan kongressda Oʻzbekiston, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Amerika, Shveysariya, Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi mamlakatlardan 135 onkolog, fizik-radiologlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar zamonaviy nur terapiyasining istiqbollari, xorij tajribasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu jarayondagi muammolar tahliliga alohida eʼtibor qaratdi. Kongressda bu gal Turkiya, Amerika, Belarus davlatlaridan ham mutaxassislar ishtirok etdi.
– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda saraton kasalligini erta aniqlash va davolash masalasi asosiy maqsad qilib qoʻyilgan, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Odiljon Ahmedov. – Shu talablardan kelib chiqib, bugungi kunda markazimiz filiallariga 10 nafar yetakchi mutaxassisni yubordik. Ular rahbarligida kasallikni erta aniqlash va tibbiy xizmatni yanada yaxshilash tadbirlari koʻrilmoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda radiologiya uskunalarini taʼminlash muammolarini yechishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayni kunda klinikalarimizda bemorlarni nur bilan davolashda mavjud 2 chiziqli tezlatgich va 6 “Kobolt“ apparatidan unumli foydalanilmoqda.
Kongresda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi tibbiyot sohasida, xususan, onkologiya va radioonkologiya sohalarida oʻzaro hamkorliklar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Bunday aloqalar esa davlatimiz rahbarining joriy yil yanvar oyida Germaniyaga qilgan tashrifi va shu sohada erishilgan kelishuvlar bilan bogʻliqdir. Unga koʻra, mamlakatimizda onkologik tibbiy xizmat koʻrsatishni yanada yaxshilashda nemis tajribasidan unumli foydalanish maqsadida Toshkent viloyatida Nemis onkologik klinikasini barpo etish rejalashtirilgan.
“Progressive medical service“ kompaniyasi rahbari Artyom Pokachalovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions GmbH“ kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu loyiha boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. Loyihaga koʻra, unda bemorlarga nur terapiyasi boʻyicha xizmat koʻrsatish va 10 ta chiziqli tezlatgich uskunasini oʻrnatish rejalashtirilgan edi. Vazirlik ekspertlarining tavsiyasi va qoʻshimcha kelishuvlarga koʻra, endi boʻlajak klinika faoliyati kengaytiriladi. Yaʼni unda nur terapiyasi, jarrohlik, reabilitatsiya, statsionar va bolalar boʻlimi, shuningdek, oʻquv markazi tashkil etiladi. Dastlab reja boʻyicha 10 ta chiziqli tezlatgich oʻrniga 6 ta chiziqli tezlatgich va qoʻshimcha 2 ta braxiterapiya uskunasini oʻrnatish koʻzda tutilmoqda.
– Kongressda Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlarda sohaga qaratilayotgan katta eʼtibor natijalari sarhisob qilindi, – dedi Moskva davlat universiteti kafedra mudiri, professor Aleksandr Chernyayev. – Taqdim etilgan maʼruzalarning maqsad-vazifalari aniqligi, ilmiy va amaliy ahamiyatga molikligi kishini quvontiradi. Mavzu doirasidagi fikrlarga kelsak, u chindan muammolarni yechishga xizmat qiladi. Masalan, oʻtgan bir yil ichida Qozogʻiston Respublikasida sohaga berilgan eʼtibor natijasida radioonkologik uskunalar bilan taʼminlanganlik 20 foizni tashkil etgan boʻlsa, Oʻzbekistonda 20 ga yaqin tibbiy uskunaning amaliyotga tatbiq etilayotgani alohida eʼtirofga loyiq.
Kongressda Germaniyaning Kyoln universiteti klinikasi professori Simone Marnits-Shulse xonim ayollarda uchraydigan saraton kasalligi va uning davolash usullarining nemis tajribasi boʻyicha maʼlumot berdi.
Kongress yakunida Markaziy Osiyoda onkologiya kasalligini davolash va unga qarshi kurashishda yaxlit milliy strategiyani ishlab chiqish, sohani rivojlantirishda xalqaro tajribani qoʻllash hamda tibbiy xizmatni yaxshilashda zamonaviy uskunalarni amaliyotga tatbiq etishda investitsiyalarni jalb qilish va kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha rezolyutsiya qabul qilindi. Navbatdagi uchinchi kongressni ham 2020-yilning 13-15-noyabr kunlari Toshkentda oʻtkazishga kelishib olindi.