Poytaxtimizda o‘tgan “Markaziy Osiyo: o‘zgarishlar davrida barqaror rivojlanish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Nurmuhammad Baxtiyorov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida mintaqa jipslashuvi natijasida erishilgan yutuqlar, shuningdek, dolzarb muammo – oziq-ovqat xavfsizligi masalasi xususida fikr bildirdi.
– MOXIda yuqori darajada tashkil etilgan davra suhbati konstruktiv fikr almashish barobarida mintaqamizni yanada rivojlantirishga oid muhim taklif, tashabbuslarni muhokama qilish uchun imkon yaratdi.
Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda erishilayotgan yutuqlar haqida ayrim ma’lumotlarni e’lon qilishdi, besh mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qilayotgan muhim jihatlarga e’tibor qaratishdi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada yaqinlashish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatini mustahkamlashga qaratilgan siyosati dunyo hamjamiyati tomonidan har tomonlama e’tirof etilmoqda, qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mintaqada o‘zaro manfaatli hamkorlikni uzoq muddatli sheriklikka aylantirish uchun yetarli salohiyat mavjud. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 2016 yildan buyon bir necha marta o‘sib, xususan, Qozog‘iston bilan 2 barobar, Qirg‘iziston bilan esa 7,5 barobar oshgani e’tiborga loyiq.
Mutaxassislar Prezidentimizning qayta saylanishi barcha sohalarda hududlararo hamkorlikni tizimli mustahkamlash siyosati izchilligini ta’minlashi, mintaqa barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Muhokama chog‘ida mintaqa oldida turgan ko‘pgina muammolar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga qarshi turishning asosiy elementi – umumiy oziq-ovqat bozorini yaratish bo‘yicha mamlakatlar sa’y-harakatini birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga yangi, ekologik toza va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish mahsulot tannarxini pasaytirishi, aholining zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlashi darajasi oshishiga samarali ta’sir ko‘rsatishi ma’qullandi.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.