Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alyansi” platformasida ekspert-tahlilchilar tarmog‘i tuziladi
17:19 / 2022-11-15

Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy tendensiya yuzaga kelmoqda. Xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanish bo‘yicha mintaqa ichidagi o‘tkir muammolar tizimli ravishda hal etilmoqda.

Bunda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari bo‘lib o‘tgani, samarali muloqot va kelishuvlarga erishilgani muhim o‘rin tutayotir.

Transformatsiya va ochiqlik, hamkorlik va murosa mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar, hukumat rahbarlari va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotlarning faollashuviga xizmat qildi. Hamkorlikning o‘sib borayotgan sur’atlaridan barcha respublikalar manfaat ko‘rmoqda.

Toshkent shahrida tashkil etilgan Markaziy Osiyo ekspertlari forumida bu alohida qayd etildi.

2016 yildan 2021 yilgacha Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 54 foizga oshib, 167 milliard dollarni tashkil etgan. Mintaqada tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni besh barobarga oshdi. Markaziy Osiyoga investitsiyalarning dunyodagi umumiy hajmidagi ulushi 1,6 foizdan 2,5 foizga oshib, 2021 yilda 34,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘zaro investitsiyalar 3 barobarga oshdi. Natijada umummintaqaviy yalpi ichki mahsulot hajmi 20 foizga oshib, 329 milliard dollarga yetdi.

O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Markaziy Osiyoda tarixiy qisqa davrda fundamental ishlar ro‘y bergani, bir-biriga ishonchga asoslangan, murakkab masalalarni birgalikda yechadigan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, bunda har bir davlatning manfaatlari mushtarakligi e’tibor markazida ekanini ta’kidladi.

Xalqaro anjumanda keng ko‘lamli o‘zgarishlar va mintaqa taraqqiyoti sharoitida, umuman o‘tish davrida turli masalalar bo‘yicha ekspertlar tahlili zarurligiga e’tibor qaratildi. Integratsiya va yaqinlashuv jarayonlari yangi kun tartibini shakllantiradi, yangi masalalarni o‘rtaga tashlaydi. Hukumatlar, parlamentlar va boshqa tuzilmalar tomonidan muayyan tarmoqni, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqishda mutaxassislar ko‘magi talab etiladi. Bunda Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari” salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiq.

[gallery-9584]

Forumda mintaqa mamlakatlaridan 100 dan ortiq jamoat va siyosiy arboblar, ekspertlar hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari konstruktiv muloqot formatida mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari va vazifalarini muhokama qildi. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarida ekspertlarning yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumda milliy va xorijiy ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishni ta’minlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda tahliliy-tadqiqot markazlarining ishtirokini ko‘rib chiqdi.

Ularning fikricha, mintaqada o‘zaro ishonchni mustahkamlash, zamon chaqiriqlariga umumiy yondashuvni ishlab chiqishda “aql markazlari” (think tanks) muhim o‘rin tutadi.

Ko‘p hollarda aynan tadqiqot markazlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan C5+1 formatlari doirasida hamkorlik qiluvchi AQSH va Yaponiya hukumatlariga, shuningdek, Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘zining yangi Strategiyasini amalga oshirayotgan Yevropa Ittifoqiga g‘oya va takliflarni yetkazib beradi.

Forum ishtirokchilari “Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alyansi” platformasida ekspertlar tarmog‘ini yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Tarmoqning o‘ziga xosligi Markaziy Osiyodagi asosiy jarayonlarni umummintaqaviy darajada o‘rganish bo‘ladi.

Doimiy faoliyat yurituvchi mustaqil ekspertlar platformasining tashkil etilishi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ishonchli, konstruktiv va ochiq muloqot formatida muhokama qilish, Markaziy Osiyodagi umumiy muammolarni hal etish imkonini beradi.

– Bugun Markaziy Osiyo davlatlari yangi bir davrda, yangi voqeliklar ichra yashamoqda, – dedi qozog‘istonlik ekspert Lesya Karatayeva. – Shunday bir sharoitda tashkil etilgan bugungi forum va unda ekspertlar tarmog‘ini yaratish tashabbusi ilgari surilgani ayni muddao bo‘ldi. Bu tuzilma mintaqa xalqlari uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda o‘ziga xos muhim rol o‘ynaydi. Mintaqaga oid muammolar, xususan ekologik inqirozlarni bartaraf etishda ekspertlarning tahliliy xulosalari zarur, deb o‘ylayman.

“Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlis Senati hamkorligida Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan forumda mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish g‘oyalarini ilgari suruvchi Markaziy Osiyo ekspert-tahlilchilari tarmog‘ini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA