Tojikiston Milliy fanlar akademiya Iqtisodiyot va demografiya instituti direktori Sharif Rahimzoda “Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ta’minlashda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning roli” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada aynan shu fikrni ilgari surdi.
– Muhokama qilinayotgan mavzular va ko‘rilayotgan choralar qo‘shni davlatlar uchun ibrat bo‘lishi kerak. Biz iqtisodiy va siyosiy jihatdan boshqa mamlakatlarni ham birlashishga, munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga undaydigan ikki tomonlama aloqalar o‘rnatishimiz kerak.
Albatta, so‘nggi yillarda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.
Biz davlat tashkilotlari rahbarlari sifatida xalqlarimiz farovonligini yaxshilashga xizmat qiladigan shart-sharoitlar yaratish uchun bor kuchimizni ishga solishimiz zarur.
bugungi kunda Tojikistonda ham, O‘zbekistonda ham ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Yuzlab qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun investitsiyaviy jamg‘arma tashkil etildi. Masalan, Tojikistonda maishiy xizmat ko‘rsatish texnikasi ishlab chiqaradigan “Artel Avesto Electronics” QK ish yuritmoqda.
Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirib, muammolar ichki resurslar hisobiga hal etiladigan mintaqa darajasiga ko‘tarilishimiz kerak.
Globallashuv sharoitida kompaniyalar o‘z daromadini mahsulot tan narxini kamaytirish hisobiga oshiradi. Bizda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagani bois, transport xarajati tufayli mahsulotlarimiz narxi ancha yuqori. Shunday ekan, yaqin, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik qilish juda o‘rinli.
Gulruh Abdullayeva yozib oldi.
O‘zA