Xiva shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan "Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda.
YUNESKO shafeligida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro forum ishida dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan olimlar, ekspertlar, sharqshunos va manbashunoslar, tarixchilar, mamlakatimizdagi elchixonalar, xalqaro tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro forumi ishtirokchilariga maktubini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, forum qatnashchilariga Prezident maktubida qayd etilganidek, qadimiy sivilizatsiyalarga beshik bo‘lgan ona zaminimizda yetishib chiqqan allomalarning merosi bugun ham bashariyat taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallaydi.
Yangilanib borayotgan mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda allomalarning zakosi bilan yaratilgan asarlar g‘oyat muhim o‘rin egallaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi O‘zbekiston asoslarini yaratishda siyosat, iqtisodiyot bilan birga ma’naviy jabhalardagi islohotlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish, bu yo‘nalishda yangi-yangi ma’rifiy markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’limda tub islohotlarni amalga oshirish, oliy ta’limga yoshlar qamrovini kengaytirish, ilm-fan, madaniyat va san’at, ma’rifat sohasi vakillarini faol qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar o‘zining yuksak amaliy natijasini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi xalqaro hamjamiyat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yanglanayotgan O‘zbekistonning islohotlari jahon miqyosida yuksak e’tirof etilmoqda. Bu jihatlar xalqaro forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, YUNESKO bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Gabriela Ramos, ISESKO bosh direktori Salem bin Muhammad al-Malik, IKKROM bosh direktori Vebber Ndoro, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Anvar Karimov, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) bosh direktori Bagdad Amreyev va boshqa mutasaddilarning nutqlarida yana bir karra o‘z ifodasini topdi.
Ayni paytda Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Qayrat Imanaliyev, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Manuchehr Sharifzoda va boshqalar Markaziy Osiyo hududidagi faol sivilizatsiya ming yillar mobaynida bag‘rikenglik, tinchlikparvarlik, ma’rifatparvarlik tamoyillariga tayanganini, bu tendensiyalar bugun yangilanayotgan O‘zbekiston taraqqiyotida ham yaqqol ko‘zga tashlanayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda bugungi kunda ham boy madaniy meros ezgulikka, rivojlanish va farovonlikka xizmat qilmog‘i, murakkab davrning turli xavf va tahdidlariga, chaqiriqarga, ekologik, global, xavfsizlikni ta’minlashga, og‘ir pandemiya talofatlarini munosib tarzda yengib o‘tishga xizmat qilmog‘i zarurligi alohida qayd etildi. Zero, hayotning o‘zi bugun yangicha tafakkur, nigoh, sa’y-harakat va intilishlarni talab etayotir.
– O‘zbekistonning nechog‘li bag‘rikeng diyor ekani mazkur forum davomida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda, – dedi YUNESKO bosh direktorining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Gabriela Ramos. – Nufuzli xalqaro forumning Xivada o‘tishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bu yerda qadimdan turli madaniyatlar muloqoti keng yo‘lga qo‘yilgan. Turkiy, fors, arab malaniyatlari uchrashgan. Sizlar Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi zotlarning tengsiz, bebaho merosiga ega bo‘lgan xalq sanalasiz. bugungi davr bir qator muammolarni ham o‘rtaga tashlamoqda. Ijtimoiy adolat, barqarorlik, tinchlik barcha muammolarning yechimidir. Mazkur forum buni yana bir karra namoyon etmoqda.
– Bunday xalqaro forumda qatnashish men uchun katta sharaf, – dedi Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESKO) bosh direktori Salem Bin Muhammad al-Malik.– Darhaqiqat, Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyasining markazi sanaladi. Bu qadimiy zamin jahon faniga, rivojiga turtki bergan allomalarning kashfiyotlariga guvohdir. Zamonaviy axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt kabi zamonaviy fanlar asosi shu zaminda Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino merosi asosida shakllangan. Bu meros bugun butun insoniyat taraqqiyotiga, demakki, BMT ning Barqaror rivojlanish maqsadlariga ham xizmat qilmoqda.
– Xiva shahri Turkiy davlatlar markazlaridan biri bo‘lgan,– dedi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) bosh direktori Bagdad Amreyev.– O‘zbekiston 2019 yili Turkiy kengashga qo‘shilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turli ma’rifiy tadbirlar ko‘lami yanada kengaydi. Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy merosini o‘rganishga doir tadbirlar ko‘lami yanada kengaydi. Joriy yilda Turkiyada Mahmud Qoshg‘ariy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Bu turkiy xalqlar hayotida katta ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro forumda "Markaziy Osiyo merosining rivojlanishida savdo, ilmiy va amaliy almashuvlar hissasi", "Markaziy Osiyo ilmiy, madaniy merosining zamonaviy ijtimoiy-gumanitar fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi", "Markaziy Osiyo merosi – mintaqada muloqot va hamkorlik uchun mustahkam asos" kabi ilmiy-ma’rifiy mavzularda ma’ruzalar tinglandi va batafsil muhokama etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA