Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
12:28 / 2020-12-11

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining videokonferensiya shaklidagi yillik uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbir Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz tomonidan tashkil qilindi.

Uchrashuvda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Nataliya German, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Debora Layons, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari qatnashdi.

Tomonlar mintaqaviy siyosat va xavfsizlikning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning joriy holati va istiqbolini ko‘rib chiqdilar.

Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faoliyati, mintaqa davlatlarining ushbu tuzilma bilan hamkorligi, ayni yo‘nalishda erishilgan natijalar hamda 2021 yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida fikr almashildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqada hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi tashabbuslari, xususan, bu borada alohida ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi haqida ma’lumot berdi. Mintaqaviy muhim masalalarni hal qilishda erishilgan yutuqlar, jumladan, chegaralarni qonunan mustahkamlash, transport kommunikatsiyalaridan birgalikda foydalanish va o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik ko‘lamini oshirish muhimligi qayd etildi.

Afg‘oniston bilan aloqalarni kengaytirish, afg‘onlararo tinchlik muzokarasini davom ettirish va qo‘shni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga yordam berish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlarga alohida urg‘u berildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining 2021 yil Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global antiterror strategiyasi mintaqaviy Qo‘shma rejasining 10 yillik natijasi va kelgusi istiqboliga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha taqdimoti namoyish etildi.

Tadbirda kun tartibidagi boshqa mintaqaviy masalalar ham muhokama qilindi.