Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
16:06 / 2025-11-10

Mintaqada qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda poytaxtimizda Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur tadbir mintaqa mamlakatlari o‘rtasida agrar sohadagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, ilg‘or tajribalar almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim muloqot maydoniga aylandi. Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan yutuqlar, mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashilmoqda.

Yig‘ilish avvalida ishtirokchilarga mamlakatimiz agrar soha olimlari tomonidan yaratilgan yangi navlar, seleksiya ishlari, erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

[gallery-26153]

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qirg‘iz Respublikasining suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri o‘rinbosari Asel Kenenbayeva, Tojikiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Nurali Asozoda, Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Erbol Tasjurekov, Turkmanistonning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi xodimi Ayna Yo‘ldasheva, shuningdek, mahalliy va xalqaro tashkilotlar xodimlari ishtirok etmoqda.

Ushbu yig‘ilish mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qo‘shma agrar loyihalarni amaliyotga joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Kun tartibida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va agrar sohada umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov yig‘ilishda so‘zga chiqib, mamlakatimizda agrar sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.

Vazir o‘z nutqida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi barqaror o‘sib borayotganini ta’kidlab, bu holat mintaqaning yagona agrar makonga aylanish yo‘lida muhim ishora ekanini qayd etdi.

Yig‘ilish yakunida mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, innovatsiyalarni joriy etish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Markaziy Osiyo Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida qo‘shma deklaratsiya hamda 2030 yilgacha mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Harakatlar rejasi imzolandi.

Ushbu hujjatlar mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash, agrar sohada bilim va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda birgalikdagi tashabbuslarni ilgari surishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining ushbu yig‘ilishi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, agrar sohada ilg‘or tajribalar almashinuvi va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.  

Tadbir doirasida imzolangan qo‘shma deklaratsiya hamda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Harakatlar rejasi mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, barqaror rivojlanishni ta’minlovchi agrar siyosatni shakllantirish hamda umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi tashabbuslarni amalga oshirishda muhim yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘ktam Hayitov (surat)

O‘zA