Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy forumi – ko‘p tomonlama hamkorlik uchun makon
18:14 / 2021-08-06

6 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi doirasida Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik zonasida Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari doiralari vakillari, vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida ishtirokchilarga Turkmaniston Prezidenti G.Berdimuhamedovning qutlovi o‘qib eshittirildi. Forum ishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, energetika va kimyo tarmoqlarida, shuningdek, transport-logistika sohalarida hamkorlik qilish kabi alohida yo‘nalishlar bo‘yicha tematik sessiyalar shaklida tashkil etildi. Har bir sessiya davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga tashlanib, ko‘rib chiqildi.

Forumda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov ishtirok etdi. “Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati” sessiyasida so‘zga chiqar ekan, u mazkur forum mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan mamlakatlararo hamkorligining samarali mexanizmlarini yaratish platformasi sifatida muhimligini ta’kidladi.

Mintaqa ichidagi savdo hajmini oshirishning ulkan salohiyati qayd etildi. So‘nggi bir necha yil mobaynida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan savdo aylanmasi ikki barobar oshib, 2020 yilda 5 milliard dollarga yetdi. Shu nuqtai nazardan, elektron tijoratni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkorlari va eksportchilari bevosita muloqot qilish va o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish uchun yagona elektron savdo platformasi yaratilishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va savdo to‘siqlarini izchil bartaraf etish zarurligi qayd etildi.

[gallery-3323]

Sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish hamkorlikning ustuvor sohasi sifatida belgilandi. U, shuningdek, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldiruvchi afzalliklaridan foydalanish va mintaqa ichida uzluksiz qiymat zanjirlarini shakllantirish imkoni beradi. O‘zbekistonda o‘tgan 5 yil mobaynida qo‘shni mamlakatlar kompaniyalari ishtirokidagi korxonalar soni 6 barobar oshib, hozirda 1600 tani tashkil etgani ta’kidlandi. Shuningdek, qurilish materiallari, avtomobillar va maishiy texnikani ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning aniq namunalari keltirildi.

Mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini yuksaltirishga barqaror iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalarni jalb etish va mintaqaviy savdoni rag‘batlantirishning muhim omili sifatida alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, pandemiya oqibatida yuzaga kelgan cheklovlarga qaramay, 2020 yilda Markaziy Osiyoda yuk tashish hajmining o‘sishi kuzatilgani xalqaro avtomobil va temir yo‘llarni yanada kengaytirish va transport-logistika infratuzilmasini mustahkamlashning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlarini bog‘lovchi transport yo‘laklarini rivojlantirish, mintaqa mamlkatlarining tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi tartiblarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish taklifini o‘rtaga tashladi.

Sessiya ishtirokchilari ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va mintaqaviy iqtisodiy manfaatlarni rag‘batlantirish yuzasidan fikr almashdilar. Tadbir yakunida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlashga qaratilgan ko‘p tomonlama muloqotni rivojlantirish zarurligi to‘g‘risida mushtarak yondashuv ishlab chiqildi.

Forum dasturi doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar ham o‘tkazildi. Erishilgan kelishuvlar tadbir doirasida imzolangan tegishli hujjatlarda belgilab olindi.

O‘zA