Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo kelajagi – umumiy qiyofa va taraqqiyot yo‘lidagi ongli tanlov
15:38 / 2025-08-14

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori Jandos Shaymardanov poytaxtimizda davom etayotgan VIII Markaziy Osiyo ekspertlari forumida so‘z olib, jumladan, shunday dedi:

– Bugungi kunda yangi Markaziy Osiyo haqida gapirarkanmiz, mintaqaviy sheriklik manzarasi keskin o‘zgarayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bir necha yillar oldin muloqotlarimiz asosan ikki tomonlama olib borilgan bo‘lsa, endilikda ko‘p tomonlama formatlar va loyihalar diqqat markaziga chiqdi.

E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo, xoh iqtisodiy yoki geosiyosiy, xoh iqlim bilan bog‘liq bo‘lsin, turli tashqi talvasali ta’sirlarga chidamliligini namoyish etmoqda. Ayni jarayonda Barqaror rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirish, transport-logistika va energetika yo‘nalishlaridagi tashabbuslarni uyg‘unlashtirish, shuningdek mintaqamizning yagona ovozini global maydonlarda birgalikda ilgari surish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo kelajagi shunchaki jug‘rofiy qo‘shnichilik emas, balki yagona qiyofa yaratish, birgalikda rivojlanish va umumiy qarorlar chiqarish yo‘lidagi ongli tanlovdir. Biz tasavvur qilayotgan yangi sheriklik inshooti aynan shu yo‘l bilan barpo etiladi.

Mintaqada kooperatsini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar xususida gapirarkan, J.Shaymardanov ayni payt bizga «Markaziy Osiyoni iqtisodiy tarmoq sifatida global qiymat zanjiriga integratsiyalashgan mintaqa sifatida taqdim etadigan umumiy marketing strategiyasi juda zarurligi»ni ta’kidladi.

– Markaziy Osiyo allaqachon BMT tizimida muhim o‘rin egallab, geosiyosiy o‘lchov nuqtai nazaridan taniqli brend tarzida shakllandi, – deydi ekspert. – Endi esa bu zalvorli natijani iqtisodiy mundarija bilan mustahkamlashimiz lozim.

Mintaqamizning jadal rivojlanayotgan va o‘zaro bog‘langan maydon sifatidagi yagona qiyofasini shakllantirishimiz kerak. Bunda har bir mamlakat o‘ziga xos mantiqiy va strategik vazifani bajaradi.

Nafaqat mahsulot va kapital yoki timsol va ramzlar bilan bog‘liq global raqobat sharoitida yagona Markaziy Osiyo brendi iqtisodiy jozibadorlikning muhim vositasiga aylanishi mumkin.

Ma’ruzasi yakunida Qozog‘iston STI rahbari hamkorlikni muayyan davlatlar miqyosida chuqurlashtirish bilan cheklanmasdan, ushbu jarayonga akademik va biznes doira, fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qilish zarurligini qayd etdi.

– Bunday yondashuv joriy tahdidlarga tezkor munosabat bildirish barobarida, bo‘lajak tendensiyalarni bashorat qilib, o‘zgarishlarga hamkorlar bilan kelishgan holda yanada samarali moslashishga yordam beradi, – deb hisoblaydi taniqli tahlilchi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA